Korrupsiyaga qarshi kurashda AQSH tajribasidagi yutuqlardan keng foydalaniladi

Korrupsiyaga qarshi kurashda AQSH tajribasidagi yutuqlardan keng foydalaniladi

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori A.Burxanov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi vakillari AQSHga tashrifi yakunlariag ko‘ra, Qo‘shma Shtatlarning aksilkorrupsiya idoralari hamda xalqaro tashkilotlar bilan bir qator samarali kelishuvlarga erishildi.

Jumladan,  Nyu-York  shahar politsiyasi  politsiya komissioneri Edvard A.Kaban bilan muloqotda politsiya idorasi faoliyati, xususan, korrupsiyaga qarshi kurashish va shaffoflikni taʼminlash ishlarini tashkil etish, politsiya organlariga xodimlarni ishga qabul qilish jarayonlari bilan yaqindan tanishildi.

Vakillarimiz, shuningdek, korrupsiyaviy jinoyatlarni fosh etish va aniqlash, uni keltirib chiqarayotgan sabablar tahlili, statistikasining yuritilishi, faoliyat ochiqligini taʼminlash va bu borada jamoatchilik nazorati yo‘nalishlarda ham o‘zaro fikr almashdi.

Yakunda o‘zaro tajriba almashish, xususan, O‘zbekistonda korrupsiyaviy jinoyatlarning oldini olish va aniqlash amaliyotidagi ilg‘or yutuqlarni joriy etish, ichki ishlar organlari xodimlari uchun qo‘shma treninglar tashkil etishga kelishib olindi.

Xuddi shu kabi AQSH Oliy sudi sudyasi Jon G. Roberts bilan sud tizimi va instansiyalari,  tizimning ochiqligi va shffofligi, sud organlarining aksilkorrupsiya idoralari bilan hamkorligi, korrupsiyaviy ishlarni ko‘rib chiqish masalalari yuzasidan o‘tkazilgan muzorakalar yakuniga ko‘ra, mazkur idora bilan  sud organlari xodimlari uchun qo‘shma trening va o‘quv kurslarini ishlab chiqish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

BMT Taraqqiyot dasturi rahbariyati bilan muloqotda esa korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida o‘zaro ishonchli va samarali hamkorlik natijalari sarhisob qilinib, kelgusidagi hamkorlik yo‘nalishlari, xususan,  Korrupsiya muammolari bo‘yicha mintaqaviy markazni tashkil etish masalasi atroflicha muhokama qilindi. Markazning asosiy faoliyati aholining sohaga oid muammolarini davlatga yetkazib borishga qaratiladi.

Shuningdek, korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari faoliyatini takomillashtirish va bu bo‘yicha yangi loyiha ishlab chiqish yuzasidan ham o‘zaro fikr almashildi. Qayd etilganidek, mazkur tizimga Markaziy Osiyoning barcha davlatlarida qiziqish mavjud bo‘lib, O‘zbekiston orqali tajribani keng yoyish maqsad qilinmoqda.

AQSH Davlat Etika Idorasi bilan kelgusida mamlakatimiz davlat xizmatchilarini “halollik vaksinasi”, odob-ahloq qoidalariga rioya etish yo‘nalishlarida o‘qitish bo‘yicha qo‘shma tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha reja va maqsadlar belgilab olindi.

Maʼlumot o‘rnida: Davlat Etika Idorasi axloq siyosatini, moliyaviy maʼlumotlarni oshkor qilish tizimlarini takomillashtirish va har bir ijro etuvchi hokimiyat idoralari samarali axloqiy dasturga ega bo‘lishini taʼminlaydi. Idora har kuni 140 dan ortiq agentlikda ishlaydigan ijro etuvchi hokimiyatning odob-axloq dasturini boshqaradi va nazorat qiladi.

Bundan tashqari, AQSH Halollik va samaradorlik bo‘yicha Bosh inspektori idorasi bilan “komplayens nazorat” tuzilmalari faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha hamkorlik Memorandumini tuzishga, Davlat departamenti ko‘magida “O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi islohotlarni jadallashtirish” loyihasini amalga oshirishga kelishib olindi.

Shuningdek, kelgusida Davlat departamenti Global aksilkorrupsiya tarmog‘ining davlat xaridlari sohasida korrupsiyaviy xavf-xatarlar va manfaatlar to‘qnashuvini aniqlash imkonini beruvchi dasturiy majmua –  “I-act” loyihasini O‘zbekistonda keng joriy etish choralari ko‘riladi.

Korrupsiyaga qarshi kurashishda axborot texnologiyalaridan foydalanish ko‘lamini kengaytirish maqsadida AQSH tajribasi asosida O‘zbekistonda aksilkorrupsiya xakatonlarini (dasturiy taʼminotlarni ishlab chiqish bo‘yicha tanlovlar) o‘tkazish amaliyoti  yo‘lga qo‘yiladi. Xalqaro ekspertlarni jalb qilgan holda OAV vakillari va davlat tashkilotlarining matbuot xizmati xodimlari uchun korrupsiya masalalarini yoritish bo‘yicha seminar-treninglar tashkil qilinadi.

Jahon banki O‘zbekistonda davlat organlari faoliyatida korrupsiyaviy xavf-xatarlarni baholash metodologiyasini ishlab chiqishda va Agentlik faoliyatini institutsional baholashdan  o‘tkazishda ko‘mak ko‘rsatib kelmoqda. Tashrif doirasida tashkilotning  Halollik boshqarmasi (INT)  rahbariyati bilan muloqot o‘tkazilib, davlat xizmatchilarining manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymaslik va halollik, investitsiya loyihalarini korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o‘tkazish borasidagi malakalarini oshirish, davlat xaridlari jarayonlarini raqamlashtirish sohalarida hamkorlikni yanada kengaytirishda hamkorlik qilish bo‘yicha kelishuvga erishildi. 

 

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi

Axborot xizmati