Korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar holati tanqidiy ko‘rib chiqildi

Korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar holati tanqidiy ko‘rib chiqildi

Joriy yilning 28 dekabr kuni Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha Toshkent shahar kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda poytaxtda korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish sohasida amalga oshirilayotgan ishlarning samaradorligi shahar hududiy Kengash a’zolari, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi xodimlari, tuman rahbarlari ishtirokida tanqidiy muhokama qilinib, amalga oshirilishi lozim bo‘lgan choralar belgilab olindi.

Yig‘ilishda Agentlik direktori A.Burxanov ishtirok etib, poytaxtda  korrupsiyaga qarshi kurashish ishlari samaradorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan, korrupsiya xavf-xatarlarini keltirib chiqarayotgan masalalarga to‘xtalib o‘tdi. 

Jumladan,   qurilish, bank, sud-huquq tizimlari  va budjet mablag‘laridan samarali foydalanish bilan bog‘liq korrupsion holatlar ko‘p uchrayotgani, shuningdek, Toshkent shahar hokimligi va uning quyi tuzilmalarida korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmasi faoliyati yetarli darajada yo‘lga qo‘yilmaganligi ta’kidlandi.

Shuningdek,  korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarni baholashga qaratilgan  turli reytinglarda Toshkent shahrining natijalari korrupsiyaga oid jinoyatchilik statistikasi, budjet mablag‘larining maqsadsiz sarflanishi holatlari, aholining murojaatlari, ijtimoiy so‘rov natijalari va OAVda e’lon qilingan korrupsiya bilan bog‘liq ma’lumotlar tahlili asosida ko‘rib chiqildi.

Muhokamalar mobaynida poytaxtdagi mansabdor shaxslarning tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanib kelayotganligi, ochiqlikni ta’minlashda sustkashlik va mas’uliyatsizlikka yo‘l qo‘yilayotgani ham muhokama qilinib, bu borada qonunchilik hujjatlari talablariga rioya etish, o‘z vazifasini lozim darajada bajarmagan mas’ullarning javobgarligi masalasini ko‘rib chiqish maqsadga muvofiqligi qayd etildi.

Yig‘ilishda yuqoridagi masalalar yuzasidan shahar prokurori, shahar hududiy Kengash a’zolari va boshqa mas’ullarning axboroti tinglandi.

Bundan tashqari, shahar hududiy Kengash faoliyatini yanada kuchaytirish masalasiga alohida e’tibor qaratilib, yangi tashabbus va g‘oyalarni faol amalga oshirish yuzasidan bir qator takliflar ilgari surildi. Jumladan, hududdagi korrupsiya holatlari saqlanib qolayotgan sohalar va korrupsiya holatlarining oldini olish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar tizimli ravishda shahar hududiy Kengash yig‘ilishida muhokama qilib borilishi lozimligi bildirildi.

Kengash o‘z faoliyatida monitoring va nazorat tadbirlarini  o‘tkazish, eshituvlar tashkil etish kabi instrumentlardan samarali foydalanishi zarurligi alohida ta’kidlandi.

Shahar hokimligi hamda davlat organlari va tashkilotlarining hududiy boshqarma (bo‘lim)lari faoliyatida tizimli ravishda korrupsiyaviy xavf-xatarlarni majburiy aniqlash, baholashdan o‘tkazish, baholash natijalari bo‘yicha ushbu xavf-xatarlarni inson omilini qisqartirish va tegishli tartib-taomillar va funksiyalarni raqamlashtirish, shaffoflikni ta’minlash, jamoatchilik nazoratini yo‘lga qo‘yish orqali bartaraf etish choralarini ko‘rib borish yuzasidan ham qator tavsiyalar berildi.