Korupsiyaviy qilmishlar uchun javobgarlik kuchaytirilmoqda

Korupsiyaviy qilmishlar uchun javobgarlik kuchaytirilmoqda

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining bugun bo‘lib o‘tgan yalpi majlisida korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligini oshirish, korupsiyaviy qilmishlar uchun javobgarlik muqarrarligini taʼminlashga qaratilgan qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda qabul qilindi.

Loyiha bilan 3 ta kodeks va 5 ta qonunga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda. Jumladan:

▫️korrupsiyaga oid jinoyatlarni sodir etgan shaxslarning elektron reyestri yuritilishi belgilanmoqda;

▫️Jinoyat kodeksida "korrupsiyaga oid jinoyatlar" tushunchasiga taʼrif berilib, unga 18 turdagi jinoyatlar kirishi ko‘rsatilmoqda.

▫️o‘zlashtirish yoki rastrata qilish hamda firibgarlik kabi jinoyatlarni mansab vakolatidan foydalanib sodir etganlik uchun jazo choralari kuchaytirilmoqda;

▫️ayrim korrupsion jinoyatlar uchun jazodan muddatidan ilgari shartli ozod qilish yoki jazoni yengilrog‘i bilan almashtirish qoidalari qo‘llanilmasligi belgilanmoqda;

▫️komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalarining vakolatlari, huquq va majburiyatlari qonun bilan belgilanmoqda;

▫️Davlat xaridlarida tovar (xizmat)ning boshlang‘ich narxi hamda o‘rtacha bozor narxi o‘rtasida tafovut miqdorini (o‘rtacha 20 foiz) buzganlik uchun maʼmuriy javobgarlik belgilanmoqda;

▫️davlat buyurtmachisining narx tafovuti chegarasiga amal qilishga majbur ekanligi "Davlat xaridlari to‘g‘risida"gi qonunda ham nazarda tutilmoqda;

▫️Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi zimmasiga har bir davlat organi va tashkilotlari, hududlar va sohalar kesimida korrupsiyaviy xavf-xatarlar xaritasini shakllantirish vazifasi yuklatilmoqda;

▫️Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha milliy kengash, hududiy kengashlarning maqomi va vazifalari belgilanmoqda, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga 8 ta yangi vazifa yuklatilmoqda;

Shuningdek, qonunchilikda yoshlarda halollik tuyg‘usini va korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish, taʼlim va tarbiya sohasida korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlarini inobatga olishga qaratilgan qoidalar kiritilmoqda.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi

Axborot xizmati