O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlarda respublikamizdagi ayrim arxeologiya yodgorliklariga ba’zi mahalliy hokimliklar hamda yuridik shaxslarning qonunga zid xatti-harakatlari oqibatida katta miqdorda zarar yetkazilayotganligi aniqlandi.
Xususan, Toshkent viloyati, Parkent tumani, “Istiqbol” MFYdagi “Tepa (Kultepa)” arxeologiya yodgorligiga tegishli 2 gektar yer maydoni hududi 2018 yil 28 sentyabrda Parkent tumani hokimligi tomonidan amaldagi qonunchilik talablariga zid ravishda auksion savdolari orqali “U.Q.B” MCHJga xom g‘isht ishlab chiqarish sexi tashkil etish uchun berib yuborilgan.
Aniqlanishicha, mazkur arxeologiya yodgorligi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 4 oktabrdagi “Moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk ob’ektlari milliy ro‘yxatini tasdiqlash to‘g‘risida”gi 846-son qarori bilan tasdiqlangan Moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk ob’ektlari milliy Ro‘yxatiga kiritilgan. Davlat mulki hisoblangan ushbu ob’ekt Toshkent viloyati madaniyat boshqarmasiga operativ boshqaruv huquqi asosida berilgan.
Ushbu arxeologiya inshootini “U.Q.B” MCHJ rahbarlari 2020 yilda qonunchilik talablariga zid ravishda tadbirkor “U.M.P.” MCHJga sotib yuborgan. Ushbu tadbirkorlik sub’ekti ham o‘z navbatida, bu ob’ektda xom g‘isht ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygan.
Mazkur sex uchun xom-ashyo, ya’ni tuproq mahsulotini yetkazib berish majburiyatini “U.Q.B” MCHJ o‘z zimmasiga olgan. Tuproq esa, ushbu arxeologiya inshooti hududidan qazib olingan. Oqibatda, bu tarixiy inshootga katta miqdorda zarar yetkazilgan.
Ushbu noqonuniy xatti-harakatdan xabar topgan Toshkent viloyati moddiy meros boshqarmasi 2020 yilda yetkazilgan zararni aybdor shaxslardan undirish, mansabdor shaxslarga nisbatan chora ko‘rish, tuman hokimining qarori va oldi-sotdi shartnomasini bekor qilishni so‘rab, huquqni muhofaza qiluvchi va mutasaddi idoralarga murojaat qilgan. Shuningdek, tadbirkorlik sub’ektlari rahbarlariga ogohlantirish xatlari ham berilgan.
Shunga qaramasdan, MCHJ mas’ullari o‘zlarini faoliyatini davom ettirib kelgan.
Ushbu holat bo‘yicha o‘rganish ishlariga Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi huzuridagi Milliy arxeologiya markazi mutaxassislari hamda hududiy davlat va jamoat tashkilotlarining mas’ul xodimlari jalb etildi.
Jumladan, 2021 noyabr oyida mazkur hududda ilmiy tadqiqot (tuproq qazish va ob’ektni kuzatish) ishlari olib borildi. Mutaxassislarning xulosasiga ko‘ra, mazkur arxeologiya ob’ekti eramizning I-IV asrlariga oid bo‘lib, ko‘chmanchi chorvador ajdodlarimizga tegishli qabriston yodgorligi sanalishi aniqlandi.
O‘rganishlar davomida olingan dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, “U.M.P.” MCHJ mansabdor shaxslari tomonidan “Tepa (Kultepa)” arxeologiya yodgorligi xududida xom g‘isht ishlab chiqarish va qazilma ishlari olib borilishi natijasida madaniy merosning ob’ektiga 1,5 trln. so‘m miqdorida moddiy zarar yetkazilganligi aniqlandi.
Mazkur holat yuzasidan qonuniy chora ko‘rilishini ta’minlash maqsadida Agentlik tomonidan to‘plangan materiallar Bosh prokuraturaga yuborilgan. Natijada, 2021 yil dekabr oyida Toshkent viloyat prokuraturasi tomonidan “U.M.P.” MCHJ mansabdor shaxslari va boshqalarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 132-moddasi 2-qismi, 205-moddasi 2-qismi “a” bandi va 207-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazib kelinmoqda.
Bu yo‘nalishdagi ishlar davom ettirilmoqda.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati
Знаете ли вы о последних законодательных актах?
Частично в курсе - 444
Хорошо осведомлен - 328
Я не в курсе - 187
Мне не интересно - 33