Korrupsiyaning oldini olish klasteri faoliyatini tashkil etish masalalari muhokama qilindi
Prezident Administratsiyasining Komplayens xizmati hamda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan Korrupsiyaning oldini olish klasteri faoliyatini tashkil etish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi.
Unda huquqni muhofaza qiluvchi organlar, vazirlik va idoralar, ilmiy muassasalar, fuqarolik jamiyati institutlari hamda davlat organlari va tashkilotlarining korrupsiyaga qarshi ichki nazorat (komplayens) tuzilmalari rahbarlari va vakillari ishtirok etdi.

Yig‘ilishda mamlakatimiz Prezidenti tomonidan korrupsiyaga qarshi kurash sohasida “favqulodda holat” yili deb eʼlon qilingan joriy yilda ayrim idoralarda profilaktika va ichki nazorat ishlari talab darajasida emasligi, korrupsiya omillarini barvaqt aniqlash va bartaraf etishda sustkashlikka yo‘l qo‘yilayotgani keskin tanqid qilindi.
Ayni paytda bu illatga murosasizlikni kuchaytirish bo‘yicha aniq natija, muqarrar javobgarlik va tezkor harakatlarni taʼminlash talab etilayotganiga alohida urg'u berildi.

Qayd etilganidek, korrupsiyaga qarshi kurashuvchi idoralar, davlat organlari, ilmiy muassasalar va fuqarolik jamiyati institutlari o‘rtasidagi hamkorlikni tizimli tashkil etish kechiktirib bo‘lmaydigan vazifa ekanligidan kelib chiqib, Korrupsiyaning oldini olish klasteri faoliyati yo‘lga qo‘yilmoqda.
Yig‘ilishda Klaster ishtirokchilarining o‘zaro hamkorlik tartibi, vazifa va funksiyalari, ularning faoliyatini muvofiqlashtirish hamda tahlil qilish mexanizmlari muhokama qilindi.

Ta'kidlanganidek, Klaster faoliyatining joriy yilga mo‘ljallangan ish rejasiga asosan har chorakda kamida bitta soha kompleks o‘rganiladi, ichki nazorat bo‘linmalari tomonidan korrupsiyaga sharoit yaratgan omillar tahlil qilinadi.
Shuningdek, korrupsiyaga oid jinoyatlar ulushi yuqori bo‘lgan sohalar va hududlar ilmiy-tadqiqot muassasalariga biriktiriladi. Davlat xizmatlarini raqamlashtirish, byurokratiyani qisqartirish, litsenziya va ruxsat berish tartib-taomillarini soddalashtirish choralari ko'riladi.

Klaster ishtirokchilari o‘rtasida tezkor va samarali hamkorlikni taʼminlash, maʼlumot almashish jarayonlarini raqamlashtirish hamda tahlil ishlarini yagona tizim asosida tashkil etish maqsadida “E-klaster” elektron moduli ishga tushirilmoqda.
Yig‘ilishda belgilangan vazifa va topshiriqlarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirishda tashabbuskorlikni oshirish, masʼuliyatsizlik va sustkashlikka barham berish yuzasidan qatʼiy ogohlantirish berildi. Har bir subyekt faoliyati natijalari doimiy monitoring qilib borilishi qayd etildi.

Yig‘ilish mobaynida “Raqamli komplayens” dasturiy kompleksining “Davlat xaridlari” va “Odob-axloq” modullari taqdimot qilindi.
Unda davlat xaridlarida manfaatlar to‘qnashuvi va affillanganlik holatlarini barvaqt aniqlash, profilaktik raqamli nazoratni kuchaytirish, shuningdek, Odob-axloq komissiyalari faoliyatini real vaqt rejimida monitoring qilish va qoidabuzar davlat xizmatchilari reyestrini shakllantirish imkoniyatlari haqida maʼlumot berildi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati