Oʻzbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan 2022 — 2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi va uni “Inson qadrini ulugʻlash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi ijrosi yuzasidan joriy yil mart oyi mobaynida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan
M A ʼ L U M O T
“Harakatlar strategiyasidan — Taraqqiyot strategiyasi sari” tamoyiliga asosan ishlab chiqilgan 2022 — 2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi va uni “Inson qadrini ulugʻlash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturida yettita ustuvor yoʻnalish boʻyicha Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan amalga oshirilishi lozim boʻlgan muhim maqsad-vazifalar belgilangan.
Jumladan, Agentlik zimmasiga davlat boshqaruvi organlari faoliyatini “fuqarolarga xizmat qilishga yoʻnaltirish” tamoyili asosida transformatsiya qilish bilan bogʻliq 2 ta; Ixcham, professional, adolatli, yuqori natijadorlikka xizmat qiladigan davlat boshqaruvi tizimini joriy qilishga oid 2 ta; Davlat xizmatida halollik standartlarini joriy etish boʻyicha 1 ta; Korrupsiyaga moyil soha va tarmoqlarni aniqlash, korrupsiyaviy omillarni bartaraf etish tizimining samaradorligini oshirish, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirishga doir 4 ta topshiriq yuklatilgan.
Shunga asosan Agentlik tomonidan Davlat dasturi ijrosini taʼminlash maqsadida unda belgilangan vazifalarni oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirish choralari koʻrilmoqda. Jumladan:
I. Davlat boshqaruvi organlari faoliyati ustidan davlat nazoratini amalga oshirishda manfaatlar toʻqnashuvi vujudga kelishini bartaraf etish, mazkur jarayonga keng jamoatchilikni jalb qilish yoʻnalishida:
Barcha turdagi davlat nazoratini tizimlashtirish va ularni amalga oshirishning aniq mexanizm va tartib-taomillarini belgilashga qaratilgan «Davlat nazorati toʻgʻrisida»gi Qonun loyihasini ishlab chiqish boʻyicha Adliya vazirligida tashkil qilingan ishchi guruh tarkibida ishtirok etilmoqda.
Davlat boshqaruvi organlari huzuridagi inspeksiyalar faoliyatida manfaatlar toʻqnashuvi vujudga kelishini bartaraf etish choralarini koʻrish yuzasidan Agentlikka kelib tushgan murojaatlar tahlil qilindi.
Davlat nazoratini tashkil qilish boʻyicha Rossiya Federatsiyasi, Qozogʻiston, Ukraina, Belorussiya xorijiy amaliyoti va tajribalari oʻrganildi.
II. Davlat boshqaruvi organlarining hududiy masalalarni hal qilishdagi masʼuliyati va javobgarligini kuchaytirish hamda ularning strategik yoʻnalishlarini rejalashtirishga qaratilgan yangi tizim yaratish yoʻnalishida:
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 16-iyundagi “Davlat organlari va tashkilotlarining faoliyati ochiqligini taʼminlash, shuningdek, jamoatchilik nazoratini samarali amalga oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-6247-son Farmoni, shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 15-iyundagi 373-son Qarori talablariga rioya etilishi yuzasidan oʻrganishlar oʻtkazilmoqda.
Oʻrganishlar davomida, shu jumladan, davlat organlari va tashkilotlarining tasdiqlangan yarim yillik va (yoki) yillik ish rejalari (davlat sirlari va xizmatda foydalanish uchun moʻljallangan maʼlumotlar bundan mustasno) rasmiy veb-saytda joylashtirilganligi holatlari monitoring qilindi.
Xususan, 135 ta davlat organlari va tashkilotlari tomonidan tasdiqlangan yarim yillik yoki yillik ish rejalari toʻgʻrisidagi maʼlumotni joriy yil holati boʻyicha 32 ta idora va vazirlik oʻz rasmiy veb-saytida eʼlon qilganligi va qolgan 103 ta davlat organlari va tashkilotlari mazkur maʼlumotni ochiqlamagani aniqlandi.
Shuningdek, Farmonda davlat organlari va tashkilotlari har yili 1-martga qadar oʻz faoliyatiga oid hisobotni rasmiy veb-saytiga joylashtirib, 10-martga qadar uni keng jamoatchilik ishtirokida muhokama qilish joyi va vaqti haqida xabar berishi, shuningdek, 1-aprelga qadar matbuot anjumanlarini oʻtkazishi kerakligi belgilangan.
Shu munosabat bilan, Agentlik tomonidan barcha davlat organlari va tashkilotlariga mazkur topshiriq ijrosi boʻyicha (2022-yil 10-fevral 04-18/491-son) ogohlantiruv xati yuborilgan.
Mazkur band ijrosi yuzasidan oʻtkazilgan monitoring natijalari shuni koʻrsatmoqdaki, joriy yilning 14-mart kuni holatiga koʻra, oʻz faoliyatiga oid hisobot toʻgʻrisidagi maʼlumotni faqatgina 39 ta idora va vazirlik oʻzining rasmiy veb-saytida eʼlon qilgan, qolgan 96 ta davlat organlari va tashkilotlari ushbu maʼlumotni umuman ochiqlamagan. Mazkur holat boʻyicha vazirlik va idoralarga 14 ta taqdimnoma kiritildi, bitta holatda aniqlangan xato va kamchiliklar joyida muhokama qilinishi taʼminlandi.
Shuningdek, muhim ijtimoiy-masalalar boʻyicha ochiq maʼlumotlarning doirasini yanada kengaytirish va mazkur maʼlumotlardan toʻsiqlarsiz foydalanishni taʼminlashga qaratilgan qaror loyihasi ishlab chiqildi.
III. Davlat xizmatida manfaatlar toʻqnashuvining oldini olish boʻyicha samarali mexanizmlarni yaratish, korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi faoliyatda ochiqlikni taʼminlash va jamoatchilik ishtirokini kengaytirish ustuvor yoʻnalishida:
Davlat xizmatida manfaatlar toʻqnashuvi haqida xabar berish mexanizmlarini joriy etish yuzasidan Qozogʻiston, Rossiya, Ukraina hamda Gruziya davlatlarining tajribalari oʻrganilib, tahlil qilindi.
Oʻrganish natijalariga asosan Agentlik tomonidan Davlat xizmatida manfaatlar toʻqnashuvi haqida xabar berish va uni hal etish tizimini joriy etish boʻyicha tashkiliy chora-tadbirlar rejasi loiyhasi ishlab chiqildi.
Loyihada manfaatlar toʻqnashuvi haqida xabar berish va uni hal etish tizimini joriy etishga qaratilgan 7 ta banddan iborat chora-tadbirlar belgilandi.
Mazkur chora-tadbirlar rejasini qisqa muddatda masʼul vazirlik va idoralar bilan kelishish hamda Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashining navbatdagi yigʻilishiga tasdiqlash uchun kiritish rejalashtirilgan.
IV. Korrupsiyaga qarshi kurashishga zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etish yoʻnalishida:
Korrupsiyaga qarshi kurashishga zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etish maqsadida Adliya vazirligi bilan birgalikda “E-Antikorrupsiya” loyihasini amalga oshirishi boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Qarori loyihasi ishlab chiqildi.
V. Korrupsiyaga qarshi kurashishda fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, jamoatchilik nazoratini olib borishni qoʻllab-quvvatlash yoʻnalishida:
Korrupsiyaga moyil sohalar roʻyxatini shakllantirish maqsadida bir qator mezonlar, jumladan, eng koʻp korrupsion jinoyatlar sodir etilgan sohalar, jamoatchilik soʻroviga asosan korrputsiyalashgan soha, korrupsion xavf-xatarlar yuqori boʻlgan sohalar oʻrganildi.
Oʻrganish natijasida korrupsiyaga moyil 9 ta (sogʻliqni saqlash, xalq taʼlimi, maktabgacha taʼlim, oliy va oʻrta maxsus taʼlim, qurilish, madaniyat, suv xoʻjaligi, uy-joy kommunal, kadastr) soha roʻyxati shakllantirildi.
Davlat organlari va tashkilotlarida faoliyat ochiqligi va shaffofligini taʼminlash hamda bunga keng jamoatchilikni jalb etishni nazarda tutuvchi “Yoʻl xaritasi” ishlab chiqilib, tasdiqlandi.
Unga muvofiq,
- ishga qabul qilish jarayonlarining ochiqligini taʼminlash;
- faoliyat ochiqligi toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlari ijrosini taʼminlash;
- rasmiy veb-saytda ochiq maʼlumotlar sifatida joylashtirilishi kerak boʻlgan ijtimoiy ahamiyatga molik maʼlumotlarni eʼlon qilishni tizimlashtirish;
- Jamoatchilik kengashi faoliyatini takomillashtirish kabi qator chora-tadbirlar amalga oshirilishi belgilandi.
VI. Korrupsiyaga qarshi kurashish amaliyotiga tizimli preventiv choralarni kuchaytirish yoʻnalishida:
Korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan preventiv choralarni kuchaytirish boʻyicha Qozogʻiston, Janubiy Koreya, Singapur, Gruziya va Ukraina davlatlarining ilgʻor tajribalari oʻrganildi.
Oʻrganish natijalariga asosan Agentlik tomonidan Korrupsiyaga qarshi kurashish amaliyotiga tizimli preventiv choralarni kuchaytirish yuzasidan amalga oshirilishi lozim boʻlgan chora-tadbirlar rejasi loyihasi ishlab chiqildi. Unda 9 ta yoʻnalish boʻyicha 34 banddan iborat chora-tadbirlar belgilandi.
Chora-tadbirlar rejasini masʼul vazirlik va idoralar bilan kelishish hamda Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashining navbatdagi yigʻilishiga tasdiqlash uchun kiritish rejalashtirilgan.
VII. Aholi va davlat xizmatchilarining korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi bilimlarini uzluksiz oshirish tizimini joriy qilish yoʻnalishida:
“Korrupsiyaga qarshi kurashish virtual akademiya”ni joriy etish orqali sohaga doir huquqiy bilim va ongni yuksaltirish boʻyicha keng qamrovli tizimini joriy qilish boʻyicha Ishchi guruh tashkil etilib, chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqildi va vazifalar muhokama qilindi. Shuningdek, xorijiy davlatlar (Janubiy Koreya, Avstrya, Shveysariya, Polsha, Litva) tajribalari hamda Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish akademiyasi, GRECO – elektron taʼlim platformasi, Virtual Transparency School va boshqa taʼlim platformalari oʻrganildi.
Prezident qarorining dastlabki loyihasi ishlab chiqilib, (“Normativ-huquqiy hujjatlar toʻgʻrisida”gi Qonun talablariga muvofiq) vazirlik va idoralarga kelishish uchun joʻnatishga tayyorlanmoqda.
Agentlik tomonidan Davlat dasturi ijrosini taʼminlash maqsadida belgilangan vazifalarni oʻz vaqtida, toʻliq va sifatli amalga oshirish choralari davom ettiriladi hamda ularning natijasi boʻyicha Agentlikning rasmiy sahifalari orqali muntazam axborot berib boriladi.
2022–2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi va uni “Inson qadrini ulugʻlash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan amalga oshirilishi lozim boʻlgan maqsad va vazifalar yuzasidan
M A ʼ L U M O T
“Harakatlar strategiyasidan – Taraqqiyot strategiyasi sari” tamoyiliga asosan ishlab chiqilgan 2022–2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi va uni “Inson qadrini ulugʻlash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan quyidagi maqsad va vazifalar amalga oshirilishi belgilangan:
Davlat boshqaruvi organlari faoliyatini “fuqaroga xizmat qilishga yoʻnaltirish” tamoyili asosida transformatsiya qilish maqsadida
2022-yil dekabr oyiga qadar:
▪️barcha turdagi davlat nazoratini tizimlashtirish va ularni amalga oshirishning aniq mexanizm va tartib-taomillarini belgilash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat nazorati toʻgʻrisida”gi Qonun loyihasini ishlab chiqish;
▪️ davlat boshqaruvi organlari huzuridagi inspeksiyalar faoliyatida manfaatlar toʻqnashuvi vujudga kelishini bartaraf etish choralarini koʻrish boʻyicha Prezident farmoni loyihasini ishlab chiqish.
Ixcham, professional, adolatli, yuqori natijadorlikka xizmat qiladigan davlat boshqaruvi tizimini joriy qilish maqsadida
2022-yil noyabr oyiga qadar:
▪️ ️muhim ijtimoiy masalalar boʻyicha ochiq maʼlumotlarning doirasini yanada kengaytirish va mazkur maʼlumotlardan toʻsiqlarsiz foydalanishni taʼminlash.
Davlat xizmatida halollik standartlarini joriy etish maqsadida
2022-yil avgust oyiga qadar:
▪️ davlat xizmatida manfaatlar toʻqnashuvi haqida xabar berish va uni hal etish tizimini joriy etish.
Korrupsiyaga moyil soha va tarmoqlarni aniqlash, korrupsiyaviy omillarni bartaraf etish tizimining samaradorligini oshirish, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish maqsadida
2022-yil aprel oyiga qadar:
▪️ “E-antikorrupsiya” loyihasini amalga oshirish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti qarori loyihasini ishlab chiqish;
Yil davomida:
▪️ Korrupsiyaga moyil sohalarning ochiqligi va shaffofligini taʼminlash va bunga keng jamoatchilikni jalb etish;
▪️ Korrupsiyaning nafaqat oqibatlarini, balki sabablarini oldindan bartaraf etish boʻyicha taʼsirchan amaliy choralarni ishlab chiqish va amalga oshirish.
2022-yil may oyiga qadar:
▪️ “Korrupsiyaga qarshi kurashish virtual akademiyasi”ni joriy etish orqali sohaga doir huquqiy bilim va ongni yuksaltirish boʻyicha keng qamrovli tizimni joriy qilish.
Agentlik tomonidan Davlat dasturi ijrosini taʼminlash maqsadida unda belgilangan vazifalarni oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirish choralari koʻrilmoqda.
Davlat dasturi doirasida olib borilayotgan chora-tadbirlar va ularning natijasi boʻyicha Agentlikning rasmiy veb-sayti orqali axborot berib boriladi.
Qonunchilikdagi so‘nggi yangiliklardan xabardormisiz?
Qisman xabardorman - 332
Yaxshi xabardorman - 245
Xabardor emasman - 141
Menga qiziq emas - 20