Виртуальная приемная

Kibermakonda korrupsiyaga qarshi samarali mexanizmlar yaratishning dolzarb masalalari muhokama qilindi

Главные новости 1 308 просмотров

Материал пока опубликован только на языке: Özbekça

Bugun Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxanov Huquqni muhofaza qilish akademiyasi tomonidan tashkil etilgan “Raqamli transformatsiya davrida huquqni muhofaza qilish sohasidagi zamonaviy chaqiriq va tahdidlar” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyaning ochilish marosimida ishtirok etdi.

Agentlik direktori o‘z nutqida mamlakatimiz Prezidentining 2025-yil 21-apreldagi PF-71-son Farmoniga asosan O‘zbekistonda kibermakonda korrupsiyaga qarshi kurashishda barqaror va samarali mexanizmlarni yaratish maqsadida maxsus normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari ishlab chiqilayotganini ta'kidladi.

Ushbu loyihalarda ilk bor “kibermakonda korrupsiya” atamasi huquqiy tushuncha sifatida mustahkamlanmoqda, uning asosiy ko‘rinishlari va belgilari ro‘yxati shakllantirilmoqda, raqamli tizimlar operatorlarining majburiyat va javobgarligi aniqlashtirilmoqda.

Shuningdek, yangi raqamli platformalarni joriy qilishdan oldin majburiy tarzda aksilkorrupsiya ekspertizasini o‘tkazish tartibi, raqamli yechimlar arxitekturasini dastlabki bosqichda tahlil qilish nazarda tutilmoqda.

Yana bir muhim tashabbus — “E-anticor.uz” platformasida manfaatlar to‘qnashuvi holatlarini aniqlash va ularni onlayn monitoring qilish imkonini beruvchi maxsus modulni joriy etishdir.

Bundan tashqari, davlat xaridlari sohasida sun’iy intellekt yordamida ma’lumotlarni tahlil qilish, xarid ishtirokchilarining xulq-atvorini kuzatish, til biriktirish yoki affillanganlik holatlarini avtomatik tarzda aniqlash bo‘yicha ilg‘or mexanizmlar ishlab chiqilmoqda.

— Biz raqamli sohada korrupsiyaga qarshi choralarni shunchaki kengaytirmayapmiz — adolat va halollik tamoyillarini raqamli boshqaruv arxitekturasining markaziga joylashtirishga intilmoqdamiz. Bu esa dasturiy ta’minot kodidan tortib, tashkiliy-texnik yechimlargacha bo‘lgan barcha bosqichlarni qamrab oluvchi tizimli yondashuvni talab qiladi.

Maqsadimiz — muammoga keyin javob berish emas, balki raqamli yechimni loyihalash bosqichidayoq uning oldini olishdir,— dedi Akmal Burxanov.

Anjumanda “Raqamli davrda korrupsiya va jinoiy daromadlarni legallashtirish va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish“ga bag’ishlangan panel sessiyada ayni mavzudagi muloqot va muhokamalar davom ettirildi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati

Похожие материалы