Komplayens nazoratini kuchaytirish va sohani raqamlashtirish bo'yicha kelgusidagi ustuvor vazifalar muhokama qilindi
Материал пока опубликован только на языке: Özbekça
Davlat rahbarining Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomasida korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha 2026-yilda “favqulodda holat” eʼlon qilingani asosida korrupsiyaga qarshi kurashish, komplayens nazoratini takomillashtirish va sohani raqamlashtirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar hamda kelgusidagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi.

Tadbirda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, Oliy Majlis palatalarining korrupsiyaga qarshi kurashishga masʼul qo‘mitalari rahbariyati va aʼzolari, shuningdek, davlat organlari va tashkilotlaridagi korrupsiyaga qarshi ichki nazorat (komplayens) tuzilmalari rahbarlari ishtirok etdi.
Prezidentimiz tomonidan qayd etilganidek, barcha davlat idoralari va tashkilotlarda komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazoratga masʼul o‘rinbosar lavozimi joriy etiladi. Shuningdek, Hisob palatasining vakili faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.

Ushbu rahbarlar tizimdagi nopok shaxslarni aniqlash, byudjet mablag‘lari va mansabni suiisteʼmol qilish holatlarining oldini olish bo‘yicha taʼsirchan nazoratni o‘rnatadi va Prezident oldida hisobot beradi.
Komplayens xizmatining faoliyatiga to‘sqinlik qilgan shaxslar korrupsiyaga sherik sifatida baholanadi va tegishli javobgarlikka tortiladi.

Prezident Administratsiyasi Komplayens xizmati 1-yanvardan barcha davlat idoralari va tashkilotlarida tizimni joriy qiladi. Mansabidan qatʼi nazar, har bir poraxo‘rlik va suiisteʼmolchilik holati bo‘yicha axborot bevosita Prezidentga taqdim qilinadi.

Yig‘ilishda Davlatimiz rahbari tomonidan belgilab berilgan shu kabi ustuvor vazifalardan kelib chiqqan holda soha va tarmoqlarda korrupsiyaga qarshi chora-tadbirlarni yanada kuchaytirish masalalari muhokama qilindi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha vazirlik va idoralar rahbarlarining shaxsiy masʼuliyati hamda javobgarligini oshirish zarurligi qayd etildi. Shuningdek, masʼuliyatsizlikka yo‘l qo‘ygan rahbarlarga nisbatan keskin choralar ko‘rilishi haqida qatʼiy ogohlantirildi.

Yig‘ilish doirasida vazirlik va idoralarning korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘linmalari rahbarlarining kun tartibidagi masalalar yuzasidan hisobotlari tinglandi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati