Виртуальная приемная

Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha 2025 - 2026 yillarga mo‘ljallangan chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi

Главные новости 2 538 просмотров

Материал пока опубликован только на языке: Özbekça

Korrupsiyaga qarshi kurashish Milliy kengashi tomonidan Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha 2025-2026 yillarga mo‘ljallangan dastur tasdiqlandi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish va korrupsiyaviy holatlarning barvaqt oldini olishga oid ustuvor vazifalar nazarda tutilgan mazkur chora-tadbirlar dasturi manfaatdor vazirlik va idoralar, shuningdek, keng jamoatchilik, fuqarolik jamiyati institutlarining takliflari asosida ishlab chiqilgan. Bundan tashqari, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi va Ekspertlar guruhi aʼzolari ishtirokida muhokama qilinib, yana-da takomillashtirilgan.

Chora-tadbirlar dasturida quyidagi 7 ta yo‘nalishda vazifa va topshiriqlar belgilandi:

Ø Davlat organlari va tashkilotlari faoliyatida korrupsiyaga imkon berayotgan shart-sharoitlar va omillarni bartaraf etish;

Ø Davlat fuqarolik xizmati sohasida korrupsiyaning oldini olish;

Ø Davlat organlari faoliyatining ochiqligi va shaffofligini taʼminlash, jamoatchilik oldida hisobdorligini oshirish;

Ø Korrupsiyaga qarshi kurashishning institutsional asoslarini yana-da takomillashtirish;

Ø Korrupsiya jinoyatlari uchun javobgarlikning muqarrarligini taʼminlash, jinoyat ishini yuritishda korrupsiya xavf-xatarlarining oldini olish;

Ø Alohida soha va tarmoqlarda halollikni taʼminlash va korrupsiya holatlarini kamaytirish;

Ø Aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish.

Mazkur yo‘nalishdagi topshiriqlar doirasida:

Davlat organlarining masʼul xodimlari, deputat va senatorlar, shu jumladan, xorijiy ekspertlarni jalb qilgan holda har chorakda kamida 3 ta sohada korrupsiyaviy xavf-xatarlarni aniqlash, korrupsiyaga imkon berayotgan shart-sharoitlarni bartaraf etishga qaratilgan o‘rganishlar o‘tkazilib, aniqlangan korrupsiya omillarini bartaraf etishga qaratilgan “Yo‘l xaritalari” ishlab chiqiladi.

Davlat xizmatchilarining odob-axloq kodeksini qabul qilish bo‘yicha takliflar, shuningdek, xorijda hisobraqamlar ochish, ko‘chmas va boshqa mol-mulkka ega bo‘lishiga oid cheklov o‘rnatishning aniq tartibi ishlab chiqiladi.

Davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarida korrupsiyaviy xavf-xatarlarni tahlil qilish bo‘yicha “Xavf-tahlil markazi” tashkil etiladi.

Korrupsiyaviy jinoyatlar statistikasini yuritishga mo‘ljallangan dasturiy taʼminot yaratiladi.

Davlat xaridlari ishtirokchilarining benefitsiar mulkdorlari to‘g‘risidagi maʼlumotlarni majburiy oshkor etish tizimi joriy etiladi.

Davlat xaridlarida qonunbuzilishi holatlarini aniqlash va ularning oldini olish bo‘yicha elektron platforma ishga tushiriladi.

Falsafa doktori ((PhD) va fan doktori (DSc) ilmiy darajasini olish bilan bog‘liq jarayonlardagi korrupsiyaviy xavf-xatarlarni tahlil qilish choralari ko‘riladi.

“Yashirin iqtisodiyot” darajasini minimallashtirish maqsadida naqd pulsiz hisob-kitoblar ko‘lami kengaytiriladi.

Aholida korrupsiyaga nisbatan huquqiy immunitetni shakllantirish, yosh avlod ongiga halollik qadriyatlarini singdirishda spektakl hamda kino mahsulotlardan maqsadli foydalanishga eʼtibor qaratiladi. Shuningdek, korrupsiyaga qarshi kurashishda fuqarolik jamiyati institutlari ishtirokini kengaytirish ishlari izchil davom ettiriladi.

Chora-tadbirlar dasturi ijrosi yuzasidan amalga oshirilgan ishlar Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi yig‘ilishlarida muhokama qilib boriladi.

Похожие материалы