Виртуальная приемная

Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risidagi uchinchi milliy maʼruza Senatga taqdim qilindi

Главные новости 2 671 просмотров

Материал пока опубликован только на языке: Özbekça

Bugun Oliy Majlis Senatining 57-yalpi majlisida O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risidagi milliy maʼruza ko‘rib chiqildi. Maʼruzada aks ettirilgan masalalar xususida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxanov axborot berdi.

Taʼkidlanganidek, hisobot davrida bevosita Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan sohada yangi normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilinib, xalqaro standartlar milliy qonunchiligimizga implementatsiya qilindi, ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash, fuqarolik jamiyati institutlari va OAVlarining korrupsiyaga qarshi kurashishdagi rolini oshirish, davlat xizmatida halollik standartlarini joriy qilish yo‘nalishlarida bir qator islohotlar amalga oshirildi.

Jumladan, Normativ-huquqiy hujjatlar va ular loyihalarining korrupsiyaga qarshi ekspertizasi to‘g‘risidagi qonun qabul qilinib, Qonun bilan normativ-huquqiy hujjatlar va ular loyihalarining korrupsiyaga qarshi ekspertizasini o‘tkazuvchi subyektlar belgilandi, normativ-huquqiy hujjatlar va ularning loyihalaridagi korrupsiyani keltirib chiqaruvchi omillar ro‘yxati kengaytirildi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha 2023–2024 yillarga mo‘ljallangan davlat dasturi tasdiqlanib, ochiq eʼlon qilinishi lozim bo‘lgan maʼlumotlar ro‘yxati 35 tadan 40 taga kengaytirildi, Agentlikka “Qayta aloqaning sirli mijozi” tadbirlarini o‘tkazish vazifasi yuklatildi.Qonunchilikda davlat xizmatchisi xizmat safarlari va boshqa rasmiy tadbirlarda olishi mumkin bo‘lgan sovg‘aning maksimal qiymati belgilanib, boshqa barcha hollarda davlat xizmatchisiga sovg‘a olish taqiqlandi.

Amalga oshirilgan ishlar natijasida korrupsiya jinoyatlarining kamayishiga erishildi. Xususan, 2023 yilda korrupsiyaga oid jinoyat sodir etgan shaxslar soni 2022 yilga nisbatan 12 foizga, jinoyatlar soni esa 11 foizga kamaydi.

Shu bilan birga, korrupsiyaga oid jinoyatlar oqibatida yetkazilgan zarar miqdori ham o‘tgan yilga nisbatan 608 mlrd. so‘mga yoki 29 foizga kamaygan.

Maʼlumot uchun: korrupsiyaga oid jinoyatlar oqibatida, davlat manfaatlariga jami 1,4 trln (2022 yilda 2,04 trln) so‘m miqdorida zarar yetkazilgan bo‘lib, ularni to‘liq qoplash choralari ko‘rilmoqda.

Uchinchidan, davlat organlari va tashkilotlarida korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari faoliyatini samarali tashkil etish bo‘yicha chora-tadbirlar izchil davom ettirildi.

Hozirda 117 ta vazirlik va idoralarda ichki nazorat tuzilmalari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, Agentlik tomonidan har chorakda kamida bir marta xalqaro ekspertlarni jalb qilgan holda ichki nazorat tuzilmalari xodimlari uchun malaka oshirish tizimi yo‘lga qo‘yildi.

Bugunga kunga kelib, ichki nazorat tuzilmalari o‘zining ijobiy samarasini ko‘rsata boshladi. Xususan, ular tomonidan o‘tkazilgan 4 349 ta nazorat tadbirlarida 342,6 mlrd so‘m mablag‘larni talon-toroj qilish va 928,9 mlrd so‘mlik moliyaviy qonunbuzilishi holatlari aniqlanib, to‘plangan hujjatlar huquqiy baho berish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborilgan.

Shuningdek, 953,4 mlrd so‘mlik mablag‘larning noqonuniy sarf etilishining oldi olinib, 372 mlrd so‘mlik noqonuniy xarajatlarning davlat idoralari hisobiga undirilishi taʼminlandi.

Davlat organlari va tashkilotlarida korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini reyting baholash tizimi doirasida bu yil 95 ta davlat tashkilotining faoliyati, “Ochiqlik indeksi” doirasida 103 ta vazirlik, idora va muassasalarning ochiqlik faoliyati baholandi.

Davlat organlari va tashkilotlari funksiya va vazifalaridagi korrupsiyaviy xavf-xatarlar darajasi baholanib, Korrupsiyaga moyil bo‘lgan munosabatlar elektron reyestri shakllantirildi.

Xususan, 92 ta vazirlik va idoralarning 7 525 ta funksiyalaridagi korrupsiyaviy xavf-xatarlar darajasi baholanib, ularning 495 tasi “yuqori”, 1 541 tasi “o‘rta” va 5 489 tasi “past” toifalarga ajratildi. Shuningdek, “E-anticor” platformasida davlat tashkilotlarining Korrupsiyaviy xavf-xatarlar xaritasi, Korrupsiyaviy xavf-xatarlarni kamaytirish bo‘yicha dasturlari va Korrupsiya xavf-xatari yuqori bo‘lgan lavozimlar ro‘yxati shakllantirildi.

Qonun bilan Agentlikka Normativ-huquqiy hujjatlar va ularning loyihalarini korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o‘tkazish vakolati berilganidan so‘ng 2023 yilda 307 normativ-huquqiy hujjatlarloyihalarikorrupsiyaga qarshi ekspertizadan o‘tkazilib, ularning 174 tasida 413 ta korrupsiyaviy omil aniqlandi hamda ularni bartaraf etish yuzasidan takliflar ishlab chiquvchilarga yuborildi.

Bundan tashqari, yaqinda O‘zbekiston Respublikasining “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi Qonuni hamda uning ijrosini samarali tashkil etish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori qabul qilindi. Aholi va davlat xizmatchilarining korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi bilimlarini uzluksiz oshirish tizimini yaratish bo‘yicha «Korrupsiyaga qarshi kurashish virtual akademiyasi» elektron platformasini ishga tushirish belgilandi.

Ijtimoiy-iqtisodiy va tadbirkorlik sohalarida korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan preventiv mexanizmlar — “Tashabbusli byudjet” loyihasi, “Yagona davlat nazorati” axborot tizimi, “E-auksion” elektron savdo platformasi ishga tushirildi. Bundan tashqari, kapital qurilish, oliy taʼlim, sog‘liqni saqlash va davlat xaridlari tizimida “Korrupsiyasiz soha” loyihalari amalga oshirish ishlari davom ettirildi.

Ko‘rilayotgan choralar natijasida O‘zbekistonning bu boradagi xalqaro reyting va indekslardagi o‘rni yaxshilandi.

Maʼlumot uchun: Jumladan, “Transparency International” korrupsiyani qabul qilish indeksida 5 pog‘ona, “Jahon odil sudlov loyihasi” xalqaro nohukumat tashkiloti Huquq ustuvorligi indeksining “korrupsiyaning mavjud emasligi indikatorida 2 pog‘ona, Jahon Boshqaruv sifati indikatorlarining “korrupsiyani tiyib turish” indikatorida 15 pog‘ona, “Trace Matrix” poraxo‘rlik matritsasida 1 pog‘ona, Hukumat ochiqligi bo‘yicha “Open data inventory” reytingida 15 pog‘ona ko‘tarilishiga erishildi.

A.Burxanov o‘z nutqida shu kabi islohotlar bilan bir qatorda sohadagi muammolar, amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ko‘plab vazifalarga ham alohida urg‘u berib o‘tdi. Xususan, Milliy maʼruzada korrupsiyaga qarshi kurashish va uning oldini olish bo‘yicha ilgari surilayotgan bir qator takliflar xususida to‘xtaldi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha davlatning yaqin va o‘rta istiqboldagi asosiy yo‘nalishini belgilab beruvchi Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha 2030-yilgacha mo‘ljallangan Milliy strategiyasini qabul qilish, ichki nazorat tuzilmalari faoliyati mustaqilligini taʼminlash maqsadida ular faoliyatini tartibga soluvchi normativ-huquqiy asoslarni takomillashtirish, davlat xaridlari to‘g‘risidagi qonunchilik talablarini buzganlik uchun javobgarlik choralarini kuchaytirish, ochiq eʼlon qilinishi lozim bo‘lgan ijtimoiy ahamiyatga molik maʼlumotlar ko‘lamini yana-da kengaytirish kabilar shular jumlasidandir.

Muhokamalar davomida senatorlar tomonidan “Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha yuksak xalqaro mukofot” bilan taqdirlash marosimi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan ilgari surilgan tashabbuslarni amaliyotga joriy etish, Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha 2023-2024-yillarga mo‘ljallangan davlat dasturi ijrosini samarali tashkil etish lozimligi qayd etildi.

Shuningdek, davlatboshqaruvi organlarininghududiy bo‘linmalari, mahalliy davlat hokimiyatiorganlariningkorrupsiyaga qarshi kurashish jarayonlaridagi masʼuliyatini kuchaytirish, jamiyatda korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatni shakllantirishda qonun ustuvorligini taʼminlash, fuqarolik jamiyati institutlari va nodavlat notijorat tashkilotlari, mahalla instituti imkoniyatlaridan ko‘proq foydalanish imkoniyatlarini yana-da faollashtirish bo‘yicha taklif va tavsiyalar berildi.

Xalq vakillari Agentlik tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlar davomida duch kelgan ayrim masalalar yuzasidan ham savol va takliflarini bildirdilar.

Milliy maʼruza bo‘yicha bildirilgan fikr va mulohazalar, taklif va tavsiyalar Agentlik tomonidan atroflicha o‘rganilib, korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha chora-tadbirlarni belgilashda samarali foydalaniladi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati

Похожие материалы