Виртуальная приемная

Korrupsiyaga qarshi kurashishda xalqaro hamkorlik doirasida amalga oshirilayotgan ishlar

Главные новости 1 933 просмотров

Материал пока опубликован только на языке: Özbekça

Joriy yilning 11-fevral kuni AOKAda Korrupsiya qarshi kurashish agentligi Axborot xizmati rahbari Sherzod Saparov ishtirokida brifing bo‘lib o‘tdi. Unda Korrupsiyaga qarshi kurashishda xalqaro hamkorlik doirasida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida axborot berildi.

Joriy yilning 29-30-yanvar kunlari Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, BMT Giyohvand moddalar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasining Markaziy Osiyodagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda “BMTning korrupsiyaga qarshi konvensiyasi amalga oshirishning obzor mexanizmi” mavzusida ikki kunlik trening tashkil etildi.

Treningda 26 dan ortiq idoralar, jumladan, Bosh prokuratura, Davlat xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar vazirligi, Sudyalar oliy kengashi hamda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi vakillari ekspert sifatida ishtirok etdilar.

Treningda BMTning Korrupsiyaga qarshi konvensiyasi va uning obzor mexanizmi bo‘yicha bilimlarini oshirish hamda Konvensiyaning 2-bosqich obzorini muvaffaqiyatli o‘tkazish uchun zarur bo‘lgan amaliy ko‘nikmalar shakllantirildi.

Maʼlumot uchun: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 29-iyundagi PF-6013-son Farmoniga muvofiq, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga BMTning Korrupsiyaga qarshi konvensiyasi va O‘zbekiston Respublikasining korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi boshqa xalqaro shartnomalari qoidalarining bajarilishi bilan bog‘liq chora-tadbirlarni amalga oshirish hamda ushbu yo‘nalishdagi faoliyatni muvofiqlashtirish bo‘yicha milliy koordinatori sifatida belgilangan.

Hozirda mamlakatimiz Konvensiya doirasida 2-bosqich obzordan o‘tayotgan bo‘lib, bu borada Konvensiyaning 2-bobi (“Korrupsiyaning oldini olish chora-tadbirlari”) uchun Agentlik, 5-bobi (“Aktivlarni qaytarib olish chora-tadbirlari”) uchun Bosh prokuratura masʼul etib belgilangan. Shu bilan bir qatorda, ushbu boblar bo‘yicha tegishli idoralar rahbariyatidan iborat ikkita ishchi guruhlar tashkil etilgan.

Treningda BMTning Korrupsiyaga qarshi konvensiyasining mazkur boblarini amalga oshirish uchun asosiy talablar ko‘rib chiqildi.

O‘zbekiston va Malayziya davlatlari yetakchilari tomonidan amalga oshirilgan davlat tashriflari va uning doirasida erishilgan kelishuvlar, xususan, korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida qator qo‘shma loyihalarning amalga oshirilishi ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikni yangi darajaga olib chiqdi.

Jumladan, joriy yilning fevral oyida O‘zbekiston delegatsiyasining Malayziya davlatiga amalga oshirgan tashrifi korrupsiyaga qarshi kurashish yo‘nalishlarida amaliy hamkorlikni yana-da kengaytirish va mustahkamlash uchun xizmat qildi.

Malayziya Korrupsiyaga qarshi kurashish komissiyasi bosh komissari Aʼzam bin Baki va O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxanov o‘rtasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Aʼzam bin Baki O‘zbekistonning korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi progressiv siyosati xalqaro hamjamiyat tomonidan eʼtirof etilgani va Prezident Shavkat Mirziyoyev mintaqada bu borada yetakchiga aylanganini mamnuniyat bilan qayd etib o‘tdi.

Shuningdek, u korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida hamkorlikni kengaytirish masalasi Davlat rahbarlarining muzokaralari kun tartibiga kiritilishi Malayziya xalqaro munosabatlari tarixida ilk bor kuzatilganini eʼtirof etdi.

Uchrashuv yakunida O‘zbekiston Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi hamda Malayziya Korrupsiyaga qarshi kurashish komissiyasi o‘rtasida 2025-2026 yillarda hamkorlikni kuchaytirish bo‘yicha Harakatlar rejasi imzolandi. Uning doirasida davlat xizmatchilari va huquq tartibot idoralari xodimlari uchun korrupsiyaga qarshi taʼlim yo‘nalishida hamkorlikni kengaytirish hamda soha bo‘yicha muntazam ravishda ilg‘or tajriba almashinuvini rag‘batlantirishga kelishib olindi.

Malayziya korrupsiyaga qarshi kurashish akademiyasi rahbari Sayful Ezral Orifin bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Malayziya tomoni O‘zbekistonning korrupsiyaga qarshi murosasiz muhitni yaratishdagi saʼy-harakatlarini yuqori baholab, yangi ishga tushirilayotgan Korrupsiyaga qarshi kurashish virtual akademiyasi faoliyatini texnik hamda ekspertlik jihatdan qo‘llab quvvatlashga tayyor ekanligini bildirdi.

Malayziya Halollik institutida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Institut Bosh ijrochi direktori Tuan Xoji Rahmon Malayziyada davlat xizmatchilarini “halollikka tekshirish” amaliyoti o‘zining ijobiy samarasini berayotganligi, ushbu tajribani O‘zbekistonda ham joriy etilishida yaqindan hamkorlik qilishga tayyorligini bildirdi.

Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) va Agentlik hamkorligida 2024-2025 yillarga mo‘ljallangan “Investitsiya muhitini yaxshilash maqsadida korrupsiyaga qarshi chora-tadbirlarni qo‘llab-quvvatlash” texnik ko‘mak loyihasi doirasida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, Bosh prokuratura, Adliya, Iqtisodiyot va moliya vazirliklari, Huquqni muhofaza qilish akademiyasi, Toshkent davlat yuridik universiteti vakillaridan iborat O‘zbekiston delegatsiyasi Yaponiyada korrupsiyaga qarshi kurashish masalalariga bag‘ishlangan treningda ishtirok etmoqda.

Trening davlat xaridlari qonunchiligini samarali amalga oshirish, tender jarayonlarida qonunbuzilishlarining oldini olish, sohada korrupsiyaga qarshi monitoring bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar, korrupsiya faktlarini aniqlash, davlat xizmatchilari uchun axloqiy meʼyorlarga rioya qilish va ularni o‘qitish tizimlari kabi muhim mavzularni qamrab oladi.

Ayni vaqtda Agentlik vakillari va yaponiyalik ekspertlar hamkorligida davlat xaridlarida korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha qo‘llanma ishlab chiqilayotgan bo‘lib hozirda ushbu qo‘llanmani tayyorlash bilan bog‘liq jarayonlarni yakunlash ishlari olib borilmoqda.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati

Похожие материалы