Korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasida amalga oshirilayotgan ishlar o’rganildi
Материал пока опубликован только на языке: Özbekça
Joriy yilning 28-31-oktabr kunlari Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, Oliy Majlis Senati va Bosh prokuratura rahbariyati va xodimlaridan iborat ishchi guruh Qoraqalpog‘iston Respublikasida korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan ishlar ahvolini o‘rganib, mas’ullarga amaliy yordamlar ko‘rsatmoqda.

O'rganishlarda hududda maishiy korrupsiyaga barham berish, ushbu illatga nisbatan murosasiz munosabatda bo‘lish muhitini shakllantirish bo‘yicha tasdiqlangan “Yo‘l xarita”da belgilangan topshiriqlar ijrosi ko'rib chiqildi.

Xususan, 31-oktabr kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi, Sog‘liqni saqlash vazirliklari tizimida, kadastr va yerdan foydalanish sohasida hamda bozorlar faoliyatini raqamlashtirish yo‘nalishida amalga oshirilgan ishlarni joyiga chiqqan holda o‘rganildi. Mazkur sohalarda aniqlangan korrupsiyaviy omillarni bartaraf qilish yuzasidan mas’ullarga topshiriqlar berildi.


Jumladan, maktabgacha ta’lim tashkilotlarida tarbiyalanuvchilarni sog‘lom ovqatlantirishni tashkil qilish, maktablarda dars soatlarini taqsimlash, ishga qabul qilish, ushbu ta’lim tashkilotlarida bir muassasada 5 yildan ortiq uzluksiz rahbar bo‘lib ishlab kelayotganlarni rotatsiya qilish, tibbiyot sohasini raqamlashtirish, kadastr hujjatlarini soxtalashtirish holatlaridagi korrupsiyaviy omillar aniq misollar bilan keltirilib, ularni bartaraf qilish yuzasidan mas’ullarga aniq tavsiyalar berib o‘tildi.


Shu bilan birgalikda, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori A.Burxanov boshchiligidagi Agentlik ishchi guruhi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ko‘p tarmoqli bolalar tibbiyot markazida bo‘lib, ushbu muassasada fuqarolarga yaratilgan sharoitlar, ochiqlik va shaffoflik tamoyillariga amal qilish, sohani raqamlashtirish, korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatni shakllantirish holati o‘rganilib, aniqlangan kamchiliklarni joyida bartaraf qilish yuzasidan tavsiya va topshiriqlar berdi.


Hududlardagi o'rganishlar davom etmoqda.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati