Sog‘liqni saqlash tizimida korrupsiyaga qarshi kurashishga qaratilgan huquqiy eksperiment natijalari
Davlat rahbarining tegishli qaroriga muvofiq, 2025-yilning II yarmidan boshlab korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida huquqiy eksperiment joriy etilib, beshta idora, jumladan, Sog‘liqni saqlash vazirligining Komplayens-nazorat bo‘limi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tasarrufida faoliyat yuritmoqda. Qisqa vaqt ichida vazirlik bilan hamkorlikda ichki nazorat tuzilmasi orqali sohada ochiqlik va hisobdorlik kuchaytirilib, korrupsion xavf-xatarlarning oldini olish borasida aniq va sezilarli natijalarga erishilmoqda.
Xususan, sohadagi korrupsiya bilan bog‘liq jinoyatlar soni 2024-yilda 527 tani, 2025-yilda esa 498 tani tashkil etib, o‘tgan yilga nisbatan 29 taga yoki 5,6 foizga kamaygan.
Vazirlik “ISO 37001:2025 – Anti-bribery management systems” xalqaro standarti bo‘yicha sertifikatga ega bo‘ldi. Ushbu standart tibbiyot sohasida Markaziy Osiyo davlatlari orasida ilk bor joriy etildi.
Manfaatlar to‘qnashuviga doir 1 280 ta xavf holati aniqlanib, 227 nafar xodim ishdan bo‘shatildi, 485 nafar xodim esa rotatsiya qilindi.
Shuningdek, tizimdagi 9 842 nafar rahbar va moddiy javobgar shaxslar tomonidan manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi yillik deklaratsiya belgilangan tartibda to‘ldirildi.
Davlat xaridlarida tibbiy jihozlarning kafolat majburiyatlarini kuzatib borish amaliyoti yo‘lga qo‘yilib, ish va xizmatlar narxlari asosli ravishda qayta ko‘rib chiqildi. Natijada 247 mlrd so‘m mablag‘ tejaldi, shuningdek 10 mlrd so‘mlik ortiqcha rejalashtirishning oldi olindi.
O‘tkazilgan o‘rganishlar natijasida 3 ta holatda jami 5,5 mlrd so‘m miqdorida moddiy zarar aniqlanib, ushbu holatlar yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi. 1 ta holatda qariyb 100 mln so‘m miqdorida noqonuniy to‘langan mablag‘lar davlat byudjetiga qaytarildi.
Korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha namuna ko‘rsatmagan mansabdor shaxslarning 91 nafari intizomiy, 11 nafari maʼmuriy javobgarlikka tortildi, 15 nafari ishdan bo‘shatildi, shuningdek, 3 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Komplayens-nazorat tuzilmasi tomonidan «E-Anticor.uz» elektron platformasi orqali “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi qonunchilik talablariga rioya etilishi tekshirilib, jami 366 ta holatda korrupsiyaviy xavf-xatarlar aniqlandi.
Korrupsiya omillarini barvaqt aniqlash maqsadida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi , Oliy sud, Ichki ishlar vazirligi, Hisob palatasi, Raqobat qo‘mitasi bilan tezkor axborot almashinuvi bo‘yicha hamkorlik mexanizmi yo‘lga qo‘yildi.
Korrupsiyaviy xavf-xatarlar xaritasi qayta tasdiqlanib, xavf darajasi yuqori bo‘lgan yo‘nalish va lavozimlar ro‘yxati 49 tagacha kengaytirildi (2024-yilda — 26 ta).
Hududlarda 72 ta tibbiyot muassasasida joyiga chiqqan holda korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining tashkil etilishi yuzasidan o‘rganishlar amalga oshirildi.
Bundan tashqari, tuzilma tomonidan sohaga oid qonunchilik hujjatlarini korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o‘tkazish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi. O‘tgan davr mobaynida 11 ta qonun loyihasi, 36 ta Prezident hamda Vazirlar Mahkamasi hujjatlari, shuningdek 27 ta idoraviy hujjat korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o‘tkazildi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati
04.02.2026