Venada bo‘lib o‘tgan konferensiyada O‘zbekistonning aksilkorrupsiya islohotlari hamda mintaqaviy hamkorlik samaralari taqdimot qilindi
Материал пока опубликован только на языке: Özbekça
O‘zbekiston delegatsiyasi 17–21-fevral kunlari Avstriyaning Vena shahrida bo‘lib o‘tgan BMTning Korrupsiyaga qarshi konvensiyasiga aʼzo davlatlar konferensiyasi doirasidagi Implementatsiya bo‘yicha obzor guruhining o‘n oltinchi sessiyasida ishtirok etdi.

Maʼlumot uchun: Implementatsiya bo‘yicha obzor guruhi BMT Korrupsiyaga qarshi kurashish Konvensiyasiga aʼzo davlatlar konferensiyasi tomonidan 3/1-sonli rezolyutsiya (“Amalga oshirish mexanizmi”) asosida tashkil etilgan bo‘lib, ochiq tarkibdagi hukumatlararo guruh hisoblanadi. U Konferensiya rahbarligida faoliyat yuritadi va unga hisobot beradi. Ushbu guruh Konvensiyani amalga oshirish jarayonini kuzatish, yuzaga kelayotgan muammolar va ilg‘or tajribalarni aniqlash, Konvensiyaning samarali ijrosini taʼminlash uchun texnik ko‘mak ehtiyojlarini tahlil qilish bilan shug‘ullanadi.
Bugungi kunda O‘zbekiston Konvensiya doirasida ikkinchi bosqich obzordan o‘tmoqda. Ayni jarayonda xalqaro ekspertlar Konvensiyaning II (korrupsiyaning oldini olish) va V (aktivlarni qaytarish) boblarini amalga oshirish bo‘yicha tajribani o‘rganadi. Ushbu boblar bo‘yicha mos ravishda Agentlik direktori va Bosh prokuror rahbarligida faoliyat yurituvchi ikkita ishchi guruh tashkil etilgan.
Sessiya BMTning Korrupsiyaga qarshi kurashish Konvensiyasini amalga oshirish obzorining keyingi bosqichida amalga oshirilishi mumkin bo‘lgan ish shakllari va obzorni tashkil etish masalalari muhokamasiga bag‘ishlandi.
Jumladan, qo‘llanilayotgan baholash tizimidan, asosan qonunchilik hujjatlariga yo‘naltirilgan o‘rganishda, to‘g‘ridan-to‘g‘ri amaliy ijroni tahlil qilishga o‘tish va shunday shakl orqali korrupsiyaga qarshi chora-tadbirlarning samaradorligini bevosita baholash imkonini ko‘rib chiqish muhokama qilindi. Shuningdek, o‘rganish natijalarining aniqliligini oshirish va ularni keng qamrovli tahlil qilish yuzasidan takliflar berildi. Ular orasida muvaffaqiyatli tajriba va tavsiyalarga oid misollarni taqdim etish uchun maʼlumotlar paneli yaratish hamda keyingi chora-tadbirlarni tasvirlovchi jadval tuzish takliflari mavjud.
Bundan tashqari, mamlakatlarga ekspertlarni tashrif buyurish va qo‘shma uchrashuvlar o‘tkazish amaliyotini saqlab qolish muhimligi taʼkidlandi. Bu bevosita muloqot uchun imkoniyat yaratib, maʼlumot va tajriba almashish, hal etilmagan masalalarni muhokama qilish va aniqlashtirishda yordam berishi taʼkidlandi.
Sessiya doirasida tashkil etilgan panel muhokamalarda O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori o‘rinbosari U.Tuxtasheva O‘zbekiston va mintaqada aksilkorrupsiya islohotlariga yuzasidan taqdimot qildi.

U.Tuxtasheva o‘z nutqi avvalida O‘zbekiston korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha xalqaro standartlarga sodiqligi va siyosiy iroda tufayli mamlakatda "barchasi inson manfaatlari uchun" tamoyilini taʼminlash, korrupsiyadan xoli jamiyat uchun sharoit yaratish bo‘yicha jadal islohotlar amalga oshirayotgani to‘g‘risida maʼlumot berdi. Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida korrupsiyaga qarshi kurashish davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgani BMT Korrupsiyaga qarshi kurashish Konvensiyasi sekretariati va aʼzo davlatlar tomonidan eʼtirof etildi.
So‘ngra texnik yordam masalalari, xususan, mintaqaviy platformalarning yaratilishiga alohida to‘xtalib o‘tildi. Taʼkidlanganidek, hozirgi kunda jahonda 10 ta mintaqaviy platforma faoliyat ko‘rsatgan bo‘lsa, ulardan biri 2023-yil noyabr oyida Toshkent shahrida Markaziy Osiyoda ishga tushirilgan. BMTning Korrupsiyaga qarshi konvensiyasini jadal amalga oshirish bo‘yicha mintaqaviy platforma Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekistonning korrupsiyaga qarshi kurashish organlarini korrupsiyaga qarshi kurashishning asosiy masalalari bo‘yicha tajriba almashish va qo‘shma qarorlar ishlab chiqish uchun birlashtirdi.
Mintaqaviy platforma korrupsiyaning oldini olish choralarini rivojlantirish, korporativ va xususiy sektorda korrupsiyaga qarshi kurashish, aktivlarni qaytarish, shuningdek, xalqaro hamkorlikni kengaytirish, korrupsiyaviy jinoyatlarni jinoyat sifatida belgilash va ularni tergov qilishga yo‘naltirilgan.
Platformaning asosiy yo‘nalishlari mamlakatlarning bildirgan fikrlari va mintaqadagi muammolarning dolzarbligidan kelib chiqib belgilandi. Bunda xalqaro ekspertlarning faol ishtiroki muhim o‘rin tutdi, bu esa korrupsiyaga qarshi siyosat sohasidagi ilg‘or tajribalarni o‘rganishga xizmat qilmoqda.

Platformaning 2025-yilgi dasturi antikorrupsiya organlari uchun metodologik resurslar yaratish va AKT-yechimlarni joriy etish, qonunchilikni yana-da takomillashtirish, BMTning Korrupsiyaga qarshi konvensiyasining ijrosini ko‘rib chiqish mexanizmida ishtirok etuvchi milliy ekspertlarning malakasini oshirish, shuningdek, maxsus ekspert guruhlarini shakllantirish va korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha asosiy masalalar yuzasidan treninglar o‘tkazishga qaratilgan.
Platforma faoliyatining taqdimoti chog‘ida U.Tuxtasheva Markaziy Osiyo davlatlarining qo‘shma platformasi o‘zining amaliy ahamiyatini namoyon etayotganini taʼkidladi. Bu platforma ilg‘or tajribalarni almashish va xalqaro standartlarni joriy etish uchun maydon yaratib, ham mamlakatda, ham mintaqada korrupsiyaga qarshi siyosat masalalariga kompleks yondashuvni taʼminlash imkonini bermoqda. Shuningdek, u korrupsiyaga qarshi kurashish jarayonidagi umumiy saʼy-harakatlarda hamkorlik va sheriklikni mustahkamlamoqda.
Taqdimot yakunida Platforma faoliyatini yanada rivojlantirish bo‘yicha taklif va tavsiyalar muhokama qilindi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati