Agentlik direktori korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha yoshlar bilan muloqot qildi
This material is so far published only in: Özbekça
Korrupsiyaga qarshi kurashishning muhim yo‘nalishlaridan biri yoshlar orasida halollik va adolat tamoyillarini keng targ‘ib qilishdir. Shu maqsadda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxanov Tashkent Perfect Universityda talabalar bilan uchrashdi.

Uchrashuvda Agentlik direktori yoshlarni korrupsiyaga qarshi kurashish jarayonlariga jalb etish, ularni bu jarayonlarda faol ishtirokining zarurati yuzasidan o‘z nuqtai nazarini bildirdi.

Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan tashabbus asosida BMTning Korrupsiyaga qarshi taʼlim va yoshlarning imkoniyatlarini kengaytirish global resursi – GRACE dasturi mamlakatimizda keng joriy etilayotgani qayd etildi.

Shuningdek, Korrupsiyaga qarshi kurashish virtual akademiyasida halollik, qonunga itoatkorlik munosabatini shakllantirish dasturi doirasida yoshlarning bepul taʼlim olish imkoni yaratilgani alohida taʼkidlandi.

—Yoshlar jamiyatni o‘zgartirishda, islohotlarni amalga oshirishda asosiy kuch va tayanchdir. Sizlarning faolligingiz, halollikka intilishingiz va mas‘uliyatni o‘z zimmangizga olishingiz — butun jamiyatning kelajagini belgilaydi, — dedi A.Burxanov.

Muloqot davomida A.Burxanov yoshlarga korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha o‘z tavsiyalarini berdi, shu bilan birga, ularning takliflari va fikr-mulohazalari bilan ham tanishdi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati