BMT TD bilan samarali hamkorlik yangi bosqichda davom ettiriladi
This material is so far published only in: Özbekça
Joriy yilning 14-avgust kuni Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxonov Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot dasturi (BMT TD)ning O‘zbekistondagi doimiy vakili sifatida yangi tayinlangan Akiko Fudziini qabul qildi.

Maʼlumot o‘rnida: BMT TDning O‘zbekistondagi doimiy vakili etib tayinlangan Akiko Fudzii mazkur tizimda 25 yillik tajribaga ega va BMT Barqaror rivojlanish dasturiga sodiqligi bilan mashhur. U Fudzii iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq iqtisodiy va ijtimoiy masalalarga faol yondashish bilan birga, mojaro va inqiroz sharoitida keng ko‘lamli insonparvarlik yordam dasturlarini boshqargan va adolatli, barqaror rivojlanishga erishish yo‘lida barcha uchun barobar bo‘lgan boshqaruv tizimi masalalarida maslahatlar berishda doim faol.
Muloqot avvalida Agentlik direktori Akiko Fudziini O‘zbekistonda faoliyat boshlagani bilan tabriklab, uning boy tajriba va salohiyati korrupsiyaga qarshi kurashishdagi o‘zaro mustahkam hamkorlik aloqalarini yangi bosqichda davom ettirish uchun xizmat qilishiga umid bildirdi.
Taʼkidlanganidek, o‘tgan davr mobaynida BMT TD bilan hamkorlikda korrupsiyaga qarshi kurashish siyosatiga oid hujjatlar ishlab chiqildi, fuqarolarning murojaatlarini onlayn qabul qilish tizimi, davlat organlari va tashkilotlarida korrupsiyaga qarshi kurashish ichki nazorat tuzilmalari joriy etildi.

BMT TD ko‘magida davlat organlari faoliyati samaradorligini baholashning reyting tizimi, korrupsiya xavf-xatarlarini baholash imkonini beruvchi “E-Anticor.uz” elektron platformasi, “Anti-Corruption Digest” onlayn jurnali, anʼanaviy Toshkent Aksilkorrupsiya forumi yo‘lga qo‘yildi. Shuningdek, “O‘zbekistonda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi rolini oshirish uchun fuqarolik makonini, ayollar va yoshlar ovozini mustahkamlash” loyihasi samarali amalga oshirildi.
2023 yilda Janubiy Koreyaning Korrupsiyaga qarshi kurash va fuqarolik huquqlari komissiyasi tomonidan ishlab chiqilgan “Clean Portal” (“Shaffof portal”) platformasining ilg‘or yutuqlari, zamonaviy qulayliklari o‘rganildi va mazkur Komissiya bilan hamkorlik memorandumi imzolandi, korrupsiya haqida xabar beruvchilarni himoya qilish to‘g‘risidagi qonun loyihasi ishlab chiqildi.
BMT TD bilan hamkorlikdagi loyiha va tashabbuslar samarasi Transparency International xalqaro reytingida O‘zbekistonning ko‘rsatkichlari yildan-yilga sezilarli darajada o‘sishida ham o‘zining muhim ahamiyatini yaqqol namoyon etmoqda.
Bugungi kunda ikki tashkilot “O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi milliy ekotizimni mustahkamlash” nomli navbatdagi yirik hamkorlik loyihasini amalga oshirmoqda. Loyiha doirasida Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha 2030 yilgacha mo‘ljallangan milliy strategiya loyihasi ishlab chiqildi, Finlyandiya, Litvaning korrupsiyaga qarshi kurashuvchi idoralari bilan faol aloqalar yo‘lga qo‘yildi.
Kelgusida Korrupsiya muammolari bo‘yicha mintaqaviy markaz, “Korrupsiyasiz soha loyiha ofisi”ni ishga tushirish, halollikni baholash, “Shaffof shaharlar”, “Halol tumanlar” konsepsiyalarini ishlab chiqish ko‘zda tutilgan.
Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan tashabbus asosida korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha jurnalistlar imkoniyatlaridan unumli foydalanish va ular taʼsirini yana-da oshirish maqsadida bu yil bo‘lib o‘tadigan ilk Global media forumda ham BMT TD Agentlikning eng yaqin hamkorlaridan biri bo‘ladi.

Shuningdek, tomonlar Korrupsiyaga qarshi virtual akademiya faoliyatini yo‘lga qo‘yish, nodavlat notijorat tashkilotlar va ommaviy axborot vositalarini korrupsiyaga qarshi kurashishdagi faolligini oshirish, korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha hududiy kengashlar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash yo‘nalishlarida ham birgalikdagi aniq vaa manzilli saʼy-harakatlarni belgilab olgan.
A.Burxanov ana shunday muhim maqsad va vazifalar ikki tomon o‘rtasidagi aloqalarni sifat va mazmun jihatdan yana-da boyitib, rivojlantirishga xizmat qilayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi.
O‘z navbatida, Akiko Fudzii hamkorlikning salmoqli natijalariga alohida urg‘u berib, o‘zaro manfaatli aloqalarni kelgusida ham yangi surʼatlarda davom ettirish borasida taklif va mulohazalarini bildirib o‘tdi.
Uchrashuv yakunida korrupsiyaga qarshi kurashishning turli yo‘nalishlarida hamkorlikni davom ettirishga, jumladan, birgalikda yangi qo‘shma loyihalarni hayotga tatbiq etish orqali o‘zaro hamkorlikni rivojlantirishga kelishib olindi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati