Virtual reception

Korrupsiyaga qarshi kurashda strategik dasturlar va ustuvor vazifalarga oid seminar-trening o‘tkazildi

Top news 1 587 views

This material is so far published only in: Özbekça

Joriy yilning 28-iyun kuni Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi xodimlari uchun AQSH Davlat departamenti Narkotik moddalar va huquqni muhofaza qilish masalalari byurosi hamda "Mintaqaviy muloqot" XNT bilan hamkorlikda "Korrupsiyaga qarshi kurashishning strategik yo‘nalishlari va Agentlik ustuvor vazifalarining muvofiqlashtirilishini taʼminlash" mavzusida seminar-trening tashkil etildi.

Unda O‘zbekiston korrupsiyaga qarshi kurashish siyosati va uni ishlab chiqish va amalga oshirishda Agentlik o‘rni, davlat organlari ochiqligini taʼminlashga qaratilgan reyting va indekslarni shakllantirishdagi joriy holat hamda takomillashtirish istiqbollari muhokama qilindi.

Shuningdek, “O‘zbekiston 2030” strategiyasining mazmun-mohiyati, maqsad va vazifalari to‘g‘risida Oliy Majlis Senati Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq qo‘mitasi raisi N. Umarov tomonidan trening ishtirokchilariga maʼlumot berildi. Maʼruza davomida “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi doirasida korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida belgilangan vazifalar ijrosi ko‘rib chiqildi

“Mintaqaviy muloqot”ning huquq bo‘yicha eksperti Goran Klemenchich korrupsiyaga qarshi kurashning strategik yondashuvlari va strategiyani samarali amalga oshirish shartlari, sohaga oid strategik hujjatlar tayyorlash, maqsadli ko‘rsatkichlarni belgilash kabi muhim masalalarda o‘z tajribasi bilan o‘rtoqlashdi. Ekspert korrupsiyaga qarshi kurashda raqamlashtirish orqali ochiqlik siyosatini kuchaytirishning dolzarb ahamiyati xususida ham fikr-mulohaza va tavsiyalarini bildirdi.

Seminar-trening mobaynida ishtirokchilar sohaga oid qonunchilikdagi so‘nggi yangiliklar, jumladan, "Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida"gi qonun va undagi yangi tartib-qoidalar, qonun ijrosini taʼminlashda Agentlik oldida turgan vazifalar yuzasidan o‘zaro fikr almashishdi.

Shuningdek, davlat rahbarining “Aholi va davlat xizmatchilarining korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi bilimlarini uzluksiz oshirish tizimini joriy qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan maqsadlar, xususan, “Korrupsiyaga qarshi kurashish virtual akademiyasi”ni joriy etish, unda o‘quv faoliyatini tashkil etish va yuritishga oid masalalar ham ko‘rib chiqildi.

Seminar-trening yakunida korrupsiyaga qarshi kurashishning zamonaviy tendensiyalari asosida Agentlik faoliyatiga yangi mexanizmlarni joriy etish bo‘yicha kelgusidagi vazifa-maqsadlar belgilab olindi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati

Related materials