Korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida 2023-yilda amalga oshirilgan ishlar va ularning natijalari
This material is so far published only in: Özbekça
Joriy yilning 31-yanvar kuni AOKAda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi axborot xizmati rahbari Sherzod Saparov ishtirokida Korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida 2023 yilda amalga oshirilgan ishlar va ularning natijalariga bag‘ishlangan brifing bo‘lib o‘tdi.
Unda qayd etilganidek, 2023 yilda Agentlik tomonidan manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida 3 ta normativ-huquqiy hujjat loyihalari ishlab chiqildi va tegishli tartibda qabul qilindi.
Xususan, “Normativ-huquqiy hujjatlarning va ular loyihalarining korrupsiyaga qarshi ekspertizasi to‘g‘risida”gi qonun;
“Korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yana-da takomillashtirish hamda davlat organlari va tashkilotlari faoliyati ustidan jamoatchilik nazorati tizimi samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident farmoni. Farmon bilan Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha 2023-2024 yillarga mo‘ljallangan davlat dasturi tasdiqlandi, shuningdek, ochiq maʼlumotlar sifatida joylashtirilishi kerak bo‘lgan ijtimoiy ahamiyatga molik maʼlumotlar ro‘yxati kengaytirildi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktorining buyrug‘i bilan “Davlat fuqarolik xizmatchisi tomonidan xizmat safarlari, xalqaro va boshqa rasmiy tadbirlar munosabati bilan olinishi mumkin bo‘lgan sovg‘a qiymati, shuningdek uni tasarruf etish tartibi to‘g‘risidagi nizom” tasdiqlandi.
2023-yilda Agentlikkajami 3 545 ta murojaat kelib tushgan bo‘lib, ularning eng ko‘pi, yaʼni 511 tasi taʼlim sohasi xodimlarining xatti-harakatlari va sohadagi qonunbuzilishi holatlari bo‘yicha; 406 tasi sud qarorlaridan noroziliklar; 301 tasi davlat xaridlari va tender savdolari jarayonidagi qonunbuzilishi holatlari bo‘yicha murojaatlardir.
Agentlik tomonidan davlat xaridlari, byudjet mablag‘laridan samarali foydalanish yo‘nalishlarida o‘tkazilgan o‘rganishlar natijasida aniqlangan qonunbuzilishlarni bartaraf etish yuzasidan vazirlik va idoralarga 225 ta taqdimnoma, javobgarlik masalasini hal qilish bo‘yicha huquqni muhofaza qiluvchi organlarga 227 ta so‘rovnoma yuborildi.
Yuborilgan so‘rovnomalar asosidahuquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan 23 ta jinoyat ishi va 96 ta maʼmuriy ishlar qo‘zg‘atildi, 74 nafar shaxs intizomiy javobgarlikka tortildi.
O‘tgan yili amalga oshirilgan maʼmuriy islohotlardan so‘ng 90 ta davlat organlari va tashkilotlari, shu jumladan banklarda korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Bugungi kunda 41 ta davlat tashkiloti “Korrupsiyaga qarshi kurashish menejment tizimi” bo‘yichaISO 37001:2016xalqaro standart sertifikatiga ega bo‘ldi.
Davlat organlari va tashkilotlarida korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligi reyting baholash amaliyoti joriy qilindi.
Davlat tashkilotlari faoliyatidagi korrupsiyaviy xavf-xatarlarni majburiy baholashdan o‘tkazish tizimi yo‘lga qo‘yildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 27-noyabrda qabul qilingan Farmoni bilan Ochiq maʼlumotlar sifatida joylashtirilishi kerak bo‘lgan ijtimoiy ahamiyatga molik maʼlumotlar ro‘yxati kengaytirilib, “Haj” tadbiriga borish uchun navbatda turgan ziyoratchilarning yagona onlayn navbati, bolalarni davlat maktabgacha taʼlim tashkilotiga qabul qilish uchun berilgan arizalar navbati (ro‘yxati), bo‘sh ish o‘rinlari, ishga qabul qilish shartlari, nomzodlarga qo‘yiladigan talablar va taqdim qilinishi lozim bo‘lgan hujjatlar; nodavlat notijorat tashkilotlariga ajratilgan grant va ijtimoiy buyurtma loyihalari, shu jumladan, g‘olib bo‘lgan nodavlat notijorat tashkilotlari va ularning buyurtma doirasida bajargan ishlari yuzasidan hisobotlarni eʼlon qilib borish majburiyati belgilandi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 14-iyundagi Farmoniga muvofiq, davlat organlari va tashkilotlari faoliyati ochiqligini taʼminlashdagi samaradorlik va yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar tahlil qilinib, maqsadli indikatorlar asosida baholangan “Ochiqlik indeksi” shakllantirildi.
2023-yilda Xalqaro tashkilotlar va xorijiy davlatlar korrupsiyaga qarshi kurashish idoralari bilan 4 ta hamkorlik to‘g‘risida Memorandum va 2 ta chora-tadbirlar rejasi imzolandi.
Xususan, Qatar davlati Maʼmuriy nazorat va shaffoflik boshqarmasi, Qonun ustuvorligi va korrupsiyaga qarshi kurashish markazi, Koreyaning Korrupsiyaga qarshi kurash va fuqarolik huquqlari komissiyasi, Misr Arab Respublikasi Maʼmuriy nazorat idorasi bilan Agentlik o‘rtasida o‘zaro hamkorlik Memorandumlari imzolandi.
Fransiya Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi va Tojikiston Respublikasi Davlat moliyaviy nazorati va korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi o‘rtasidagi hamkorlikni qilish bo‘yicha bo‘yicha Chora-tadbirlar rejasi imzolandi.
Shuningdek, o‘tgan yili O‘zbekiston korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi bir qator yirik xalqaro anjumanlarga mezbonlik qildi.
Jumladan, 16-17 may kunlari Buxoro shahrida “Davlat idoralari faoliyati ochiqligi bo‘yicha Markaziy Osiyo davlatlari forumi”; 2 noyabr kuni Toshkent shahrida Markaziy Osiyoda BMT Korrupsiyaga qarshi konvensiyasining amalga oshirilishini jadallashtirish bo‘yicha Mintaqaviy konferensiya, 4 noyabr kuni Toshkent shahrida «III-Toshkent xalqaro aksilkorrupsiya forumi»; 19-dekabr kuni Toshkent shahridaQatar amiri tomonidan taʼsis etilgan “Korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida yuksak xalqaro mukofotni topshirish” marosimi o‘tkazildi.
2023-yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar bir qator xalqaro tashkilotlar tomonidan ijobiy eʼtirof etilib, “Transparency International” tashkilotining “Korrupsiyani qabul qilish indeksida mamlakatimiz 5 pog‘onaga o‘sishga erishib, so‘nggi 10 yilda barqaror o‘sishga erishayotgan kam sonli davlatlar qatoriga kiritildi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati