Virtual reception

Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha mahalliy kengashlar salohiyatini oshirishga qaratilgan treninglar davom etmoqda

Top news 618 views

This material is so far published only in: Özbekça

Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha mahalliy kengashlar salohiyatini oshirishga qaratilgan ikki kunlik o‘quv treninglarning navbatdagi manzili Namangan va Xorazm viloyatlari bo‘ldi.

Xorazm viloyatida tashkil etilgan trening ochilish marosimida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori o‘rinbosari Umida Tuxtasheva ishtirok etdi.

Tadbirda hududiy kengashlar ayni paytda faqat hisobot eshitib qaror qabul qiluvchi tuzilma emas, balki quyi bo‘g‘inlargacha tushib, korrupsiyaga olib kelayotgan omillarni aniqlab, ularni bartaraf etish yuzasidan aniq tavsiyalar tayyorlaydigan muhim mexanizmga aylanayotgani qayd etildi.

— Hududiy kengashlar zimmasiga yuklangan yangi vazifa va talablar ular bilan muloqotni kuchaytirish, faoliyatlarini to‘g‘ri yo‘naltirish zaruratini yuzaga keltirdi. Shu maqsadda Korrupsiyaga qarshi kurashish virtual akademiyasida maxsus kurs ishlab chiqilib, 500 ga yaqin kengash aʼzosi masofaviy o‘qitildi. Mazkur treninglar esa ushbu ishlarning mantiqiy davomi hisoblanadi. Ishonchim komilki, o'zaro muloqotimiz viloyat hududiy kengashining faolligi va tashabbuskorligini yanada oshirishga xizmat qiladi, — dedi U.Tuxtasheva.

Treningda ekspert sifatida ishtirok etayotgan Toshkent davlat yuridik universiteti katta o‘qituvchisi Dilafruz Sufiyevaga ko‘ra, korrupsiya tizimli muammo bo‘lganligi uchun u bilan kurashishda kompleks yondashuv zarur.

Ushbu treninglar korrupsiyaning turli ko‘rinishlari — yirik, maishiy, sohaviy holatlar bilan manzilli kurashishni kuchaytiradi. Shu orqali hududlarda tizimli tahlil, shaffoflik va javobgarlik muhiti yaratiladi.

Eslatib o'tamiz,Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, BMT Taraqqiyot dasturi va Yevropa Ittifoqi hamkorligida amalga oshirilayotgan mazkur o‘quv dastur 26-dekabrga qadar barcha hududlar miqyosida o‘tkaziladi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati

Related materials