Korrupsiyaga qarshi ta’lim va yoshlar imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha ishlar holati o'rganildi
This material is so far published only in: Özbekça
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori o‘rinbosari Umida Tuxtasheva Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahridagi 55-maktab hamda 48-sonli davlat maktabgacha ta’lim muassasasida Korrupsiyaga qarshi ta’lim hamda yoshlarning imkoniyatlarini kengaytirish global resursi (GRACE) dasturi ijrosi bilan tanishdi.

Dastur doirasida o‘qituvchi va tarbiyachilarning malakasini oshirish jarayonlari qanday tashkil etilayotgani, shuningdek, ushbu faoliyatning amaliy samaradorligi yuzasidan mas’ul xodimlar bilan muloqot qilindi.

Shu bilan birga, ta’lim muassasalarida “Halollik” to‘garaklari hamda “O‘quvchi yoshlar — halollik tarafdori” mavzusida o‘tkazilayotgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarning tashkiliy holatiga e’tibor qaratilib, ularning mazmuni va qamrovini yanada oshirish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi.

Shuningdek, ta’lim muassasalarida Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha virtual akademiya imkoniyatlaridan unumli foydalanish jarayonidagi ayrim kamchiliklar hamda ularni bartaraf etish masalalari muhokama qilindi.

Qoraqalpoq davlat universiteti huzurida faoliyat yuritayotgan Korrupsiyaga qarshi kurashish kovorking markazida esa mas’ullar bilan Markazning zarur moddiy-texnik baza bilan ta’minlanganlik holati, shuningdek, so‘nggi bir yarim yillik faoliyati davomida amalga oshirilgan loyihalar va erishilgan natijalar yuzasidan muloqot qilindi.

Ayni jarayonda korrupsiyaga qarshi kurashish yo‘nalishida ilgari surilayotgan tashabbuslar ham muhokama qilinib, korrupsiyaga qarshi ta’lim va targ‘ibot ishlarini yanada kuchaytirish, shuningdek, ushbu yo‘nalishda zamonaviy va samarali mexanizmlarni joriy etish zarurligi alohida qayd etildi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati