Qashqadaryo viloyatida korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar holati tanqidiy ko‘rib chiqildi
This material is so far published only in: Özbekça
Qashqadaryo viloyati Korrupsiyaga qarshi kurashish hududiy kengashining 8-iyul kuni bo‘lib o‘tgan navbatdagi yig‘ilishida viloyatda korrupsiyaga qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan ishlar holati atroflicha muhokama qilindi.
Yig‘ilishda viloyat hokimi, korrupsiyaga qarshi kurashish hududiy kengashi raisi Murotjon Azimov, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxanov ishtirok etdi.

Dastlab Agentlik direktori A.Burxanov Ishchi guruh tomonidan viloyatda o‘tkazilgan o‘rganish yakunlari, korrupsiyaga qarshi kurashish ishlari samaradorligiga salbiy taʼsir ko‘rsatayotgan, korrupsiya xavf-xatarlarini keltirib chiqarayotgan masalalarga to‘xtalib o‘tdi.
Taʼkidlanganidek, viloyatda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarni baholashga qaratilgan turli reytinglarda, korrupsion jinoyatlarning oldini olish, davlat xaridlarini amalga oshirish, davlat organlari va tashkilotlari ochiqligini taʼminlash kabi muhim yo‘nalishlarda saqlanib qolayotgan muammolar, bartaraf etilishi lozim bo‘lgan kamchilik va sustkashliklar ham mavjud.

A.Burxanov davlat byudjeti mablag‘larining maqsadsiz sarflanish tendensiyasi kuzatilayotganini ham alohida qayd etdi. Xususan, joriy yilning o‘tgan 5 oyida olib borilgan monitoringlarda davlat xaridlari sohasida 21,7 mlrd so‘mlik qonunbuzilishi holatlari aniqlangan bo‘lib, o‘rganish yakunlari bo‘yicha masʼul tashkilotlarga 12 ta taqdimnoma va so‘rovnoma yuborilgan.

Muhokamalar mobaynida viloyat va tuman-shahar hokimliklari ayrim mansabdor shaxslarining tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanib kelayotganligi, ochiqlikni taʼminlashda sustkashlik va masʼuliyatsizliklarga yo‘l qo‘yilayotgani ham keskin tanqid qilinib, bu borada qonunchilik hujjatlari talablariga rioya etish, o‘z vazifasini lozim darajada bajarmagan masʼullarning javobgarligi masalasini ko‘rib chiqish lozimligi qayd etildi.
Yuqoridagi masalalar yuzasidan viloyat prokurori, hududiy kengash kotibi va boshqa masʼullarning axboroti tinglandi.
Muhokamalar yakuni bo‘yicha viloyatda korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini tubdan qayta ko‘rib chiqish, bu borada ayniqsa, hududiy Kengash faolligini oshirish, uning aʼzolari masʼuliyatini kuchaytirish yuzasidan bir qator takliflar ilgari surildi.

Jumladan, hududdagi korrupsiya holatlari yuqori bo‘lgan sohalar va tuman shaharlardagi korrupsiya holatlarining oldini olish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralarnitizimli ravishda Hududiy kengash yig‘ilishida muhokama qilib borish, monitoring va nazorat tadbirlarini o‘tkazish, eshituvlar tashkil etish lozimligi bildirildi.
Agentlik vakillari tomonidan nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari bilan o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash orqali korrupsiyaga qarshi kurashish jarayoniga aholini keng jalb etish ishlarini yanada kuchaytirish yuzasidan ham qator tavsiyalar berildi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati