Virtual reception

Shanxay nazorat komissiyasi bilan korrupsiyaga qarshi kurashishda hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi

Top news 1 578 views

This material is so far published only in: Özbekça

24-aprel kuni Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligida Xitoy Xalq Respublikasi Shanxay shahar nazorat komissiyasi raisi o‘rinbosari Shi Tao boshchiligidagi delegatsiya qabul qilindi.

Uchrashuv avvalida ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish, antikorrupsiya sohasidagi tajriba va ilg‘or amaliyotlar bilan o‘rtoqlashish, shuningdek, 2023-yildagi «Bir makon – bir yo‘l» forumidagi davlat rahbarlari uchrashuvlari doirasidagi strategik sheriklik haqida so‘z bordi.

Shundan so‘ng, xorijiy tomonga Agentlik faoliyati, korrupsiyaga qarshi amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar, komplayens-nazorat tizimlari va qonunchilik asoslari haqida maʼlumot berildi. Xususan, korrupsiyaning oldini olish, vazirlik va idoralarda «Odob-axloq komissiyasi», manfaatlar to‘qnashuvini bartaraf etish va ichki nazorat mexanizmlari yuzasidan muloqot qilindi.

O‘z navbatida, delegatsiya rahbari – janob Shi Tao Shanxay nazorat komissiyasi faoliyat yo‘nalishlari haqida maʼlumot berib, mazkur idora tegishli hududlarda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha asosiy davlat organlaridan ekanligini taʼkidladi. Qayd etilishicha, Komissiya 3 ta byuro tugatilish natijasida tashkil topgan bo‘lib, ular asosan Shanxay shahrida faoliyat yurituvchi davlat xizmatchilarining qonunbuzilishi bilan bog‘liq tergov jarayonlarini amalga oshiradi.

Maʼlumot uchun: Shanxay shahar nazorat komissiyasi Xitoy Kommunistik partiyasi Markaziy qo‘mitasiga qarashli Intizomni nazorat qilish bo‘yicha markaziy komissiyaning mintaqaviy organi hisoblanadi. Mazkur komissiya 1978-yilda partiya safiga kirgan amaldorlar o‘rtasidagi korrupsiya va mansabni suiisteʼmol qilish holatlariga qarshi kurash maqsadida tashkil etilgan. 2018 yildan boshlab, Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar doirasida Milliy nazorat komissiyasi bilan birlashtirildi hamda vakolatlari sezilarli darajada kengaytirildi.

Uchrashuv yakunida tomonlar ikki davlat antikorrupsiya organlari o‘rtasida hamkorlikni yana-da mustahkamlash hamda o‘zaro aloqalarni qo‘llab-quvvatlashga kelishib olindi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati

Related materials