Sport sohasidagi korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan Qonun qabul qilindi
This material is so far published only in: Özbekça
“Sport sohasida korrupsiyaning oldini olish maqsadida O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun Prezident tomonidan imzolandi (O‘RQ-988-son, 04.11.2024 y.).
Mazkur qonun loyihasi o‘tgan yilning dekabr oyida O‘zbekistonda ilk marotaba o‘tkazilgan “Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha yuksak xalqaro mukofot” bilan taqdirlash marosimi doirasida mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan belgilangan vazifalar asosida ishlab chiqilgan 2024-2026-yillarga mo‘ljallangan “yo‘l xaritasi” ijrosi doirasida ishlab chiqilgan.
Qonun bilan Jinoyat kodeksining ayrim normalariga sport sohasidagi korrupsiya uchun javobgarlik choralarini kuchaytirish, xususan, kelishilgan o‘yinlarni tashkil etish, ularda ishtirok etish uchun jinoiy javobgarlikni belgilashga qaratilgan qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Yaʼni, sport musobaqalari ishtirokchilari va tashkilotchilarining qonunga xilof ravishda moddiy qimmatliklar olishi yoki mulkiy manfaatdor bo‘lishi, sport musobaqalari ishtirokchilari va tashkilotchilarini pora evaziga og‘dirib olishi uchun jinoiy javobgarlik belgilanmoqda.
Qonun milliy qonunchiligimizni zamonaviy xalqaro standartlar va ilg‘or xorijiy tajribani inobatga olgan holda takomillashtirishga, korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirishga, sport sohasidagi jinoyatlarni sodir etganlik uchun javobgarlikning muqarrarligini taʼminlashga, shuningdek respublikamizning xalqaro maydondagi nufuzini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati