Virtual reception

Surxondaryo viloyatida korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar holati tanqidiy ko‘rib chiqildi

Top news 1 708 views

This material is so far published only in: Özbekça

Surxondaryo viloyati Korrupsiyaga qarshi kurashish hududiy kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi topshirig‘iga asosan viloyatda korrupsiyaga qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan ishlar holati atroflicha muhokama qilindi.

Yig‘ilishda korrupsiyaga qarshi kurashish hududiy kengashi raisining o‘rinbosari Abdukarim Axmedov, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Dilshod Raximovlar ishtirok etdi.

Yig‘ilish avvalida Agentlik direktori o‘rinbosari Ishchi guruh tomonidan viloyatda o‘tkazilgan o‘rganish yakunlari, viloyatning korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi reytinglarda salbiy natija qayd etilishining sabablari, korrupsiyaga oid jinoyatchilik holati, ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, davlat xaridlari sohalarida saqlanib qolayotgan ayrim kamchiliklar xususida so‘z yuritdi.

Ta’kidlanganidek, davlat organlarining korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligi reytingi va davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqligi indeksi natijalariga ko‘ra Surxondaryo viloyati “qoniqarsiz” baholanganligi, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti virtual qabulxonasi va Xalq qabulxonalariga korrupsiya holatlaridan norozi bo‘lib jismoniy va yuridik shaxslardan kelib tushayotgan murojaatlar bo‘yicha Surxondaryo viloyati ulushi boshqa hududlarga nisbatan yuqori ekanligi qayd etildi.

Mazkur reytinglarda past natija qayd etilishiga korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi ishlar samarali tashkil etilmaganligi hamda ayrim mansabdor shaxslar tomonidan belgilangan vazifalarga mas’uliyat bilan yondashilmayotganligi asosiy sabablardan biri sifatida ko‘rsatib o‘tildi.

Muhokamalar jarayonida mazkur masalalarga jiddiy e’tibor qaratilib, bu borada qonunchilik hujjatlari talablariga rioya etish, o‘z vazifasini lozim darajada bajarmagan mas’ullarning javobgarligi masalasini ko‘rib chiqish lozimligi qayd etildi.

Yig‘ilishda Korrupsiyaga qarshi kurashish hududiy kengashi faoliyatiga ham to‘xtalib, o‘tgan yillar davomida kengash a’zolari faolligining oshganligi, xususan, NNTlar bilan ishlash, targ‘ibot-tashviqot ishlarini tashkil etish, so‘rovlar o‘tkazish kabi yo‘nalishlarda sezilarli o‘zgarishlar qilingan bo‘lasada, korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha taklif va tashabbus ko‘rsatish, korrupsiya sabablarini aniqlab ularni bartaraf etish yo‘nalishlarida kamchiliklar borligi ta’kidlandi.

Yuqoridagi masalalar yuzasidan viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi, Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish boshqarmasi, Sog‘liqni saqlash boshqarmasi, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi viloyat boshqarmasi hamda viloyat hokimligining matbuot xizmati rahbarlari axboroti tinglandi.

Muhokamalar yakuni bo‘yicha viloyatda korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada kuchaytirish, bu borada ayniqsa, hududiy Kengash faolligini oshirish, mas’ul rahbarlarning hisobotlarni kengash yig‘ilishlarida doimiy muhokama qilib borish, tuman va shahar hokimlari faoliyatida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, davlat xaridlari bo‘yicha mas’ul shaxslarning malakasini oshirish yuzasidan takliflar ilgari surildi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati

Related materials