Surxondaryoda viloyatida Investitsiya loyihalari doirasida ajratilgan mablag‘larni maqsadli yo‘naltirish va ochiqlikni taʼminlash borasidagi ishlar o‘rganildi
This material is so far published only in: Özbekça
Davlatimiz Rahbari tomonidan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga xalqaro moliya institutlari tomonidan ajratilgan kredit mablag‘larining maqsadli sarflanishida ochiqlikni taʼminlash bo‘yicha topshiriqlar yuklatilgan.

Mazkur vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida Agentlik direktorining birinchi o‘rinbosari Dilshod Raximov boshchiligidagi ishchi guruh Surxondaryo viloyatida Osiyo taraqqiyot banki ishtirokida “Darband-Boysun-Elbayon” avtomobil yo‘lining 5-70 km va “Manguzar-Jarqo‘rg‘on-Bandixon-Oltinsoy-Denov” avtomobil yo‘lining 128-174 km qismlarini rekonstruksiya qilish” loyihasi (lex.uz doirasida amalga oshirilayotgan ishlar holati bilan tanishdi.
Loyihaning umumiy qiymati 183,6 mln AQSH dollarini tashkil etadi, amalga oshirish muddati esa 6 yil (2022-2027 yil).
Loyiha doirasida Surxondaryo viloyatining Boysun, Bandixon, Denov, Oltinsoy hamda Qumqo‘rg‘on tumanlarini birlashtiruvchi 111 km yo‘l o‘tkaziladi.

Loyihani amalga oshirishda Koreyaning “Dongsung Engineering Co., Ltd” hamda Singapurning “Meinhardt Pte. Ltd.” kompaniyalari konsultant sifatida hamda Ozarbayjonning “Lankaran Yol Tikinti” kompaniyasi pudratchi sifatida tanlab olingan.
Bugungi kunga qadar loyiha doirasida 62 km yer ishlari bajarilgan, 19 km yo‘lga qum shag‘ala aralashmasi yotqizilgan, M-75 markali sementobeton 18 sm qalinlikdagi asosning ustki qatlami 9,08 km bajarilgan hamda M-400 markali quyma sementobeton 27 sm qalinlikdagi qoplama 8,95 km bajarilgan.

O‘rganish natijalariga ko‘ra, loyiha yuzasidan amalga oshirilgan ishlar to'g'risidagi ma'lumotlarni Avtomobil yo'llari qo'mitasi rasmiy veb-saytida doimiy yangilab borish hamda qurilish ishlarini olib borish davomida mahalliy aholi vakillariga qulayliklar yaratish bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar berildi.
Loyihani amalga oshirishda mablag‘larning maqsadli sarflanishi va bu jarayonda ochiqlikning taʼminlanishi bo‘yicha nazorat tadbirlari davom ettiriladi.