Xalqaro Valyuta Jamg‘armasi missiyasi bilan uchrashuv bo'lib o'tdi
This material is so far published only in: Özbekça
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi rahbariyati Xalqaro Valyuta Jamg‘armasi (XVJ)ning Yassir Abdix boshchiligidagi delegatsiyasini qabul qildi.

Muloqotda Agentlik direktori Akmal Burxanov delegatsiya aʼzolarini Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida o‘tkazilgan Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi yig‘ilishida belgilangan ustuvor vazifalar ijrosi doirasidagi muhim yangilik va o‘zgarishlar bilan tanishtirdi.

Delegatsiya vakillari manfaatlar to‘qnashuvini aniqlash va oldini olish borasida bugunga qadar erishilgan natijalar, “Korrupsiyaga qarshi kurashish virtual akademiyasi” elektron platformasi faoliyatiga alohida qiziqish bildirdi.

Shuningdek, NNT va OAVni korrupsiyaga qarshi kurashish jarayonlariga keng jalb etish, korrupsiyaga qarshi kurash strategiyalarini ishlab chiqish hamda daromadlar deklaratsiyasini joriy etish, xalqaro reytinglarda O‘zbekiston pozitsiyasini yaxshilash masalalari ham muhokama markazida bo‘ldi.

Xalqaro tashkilot vakillari qisqa vaqt ichida mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish siyosatini takomillashtirish bo‘yicha amalga oshirilgan izchil va qatʼiy islohotlarni yuqori baholab, bu boradagi saʼy-harakatlarni qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanligini bildirdi.
Uchrashuv yakunida ikki tomon hamkorlikni yanada rivojlantirish va korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi muloqotlarni davom ettirishga kelishib oldi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati