Virtual qabulxona

Agentlik direktori adliya organlari va muassasalari rahbarlarining malakasini oshirishga qaratilgan o‘quv kursida maʼruza bilan ishtirok etdi

Asosiy yangiliklar 1 812 marta körilgan

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori, yuridik fanlar doktori Akmal Burxanov bugun Yuristlar malakasini oshirish markazida adliya organlari va muassasalari rahbarlarining malakasini oshirishga qaratilgan o‘quv kursida maʼruza bilan ishtirok etdi.

Ma’ruzada “Manfaatlar to’qnashuvi to’g’risida”gi qonunning jamiyat va davlat uchun ahamiyati, xususan, ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash, korrupsiya holatlarini bartaraf etishdagi dolzarbligi xususida atroflicha so‘z yuritildi.

Shundan so‘ng manfaatlar to‘qnashuvning turlari, uning oldini olish maqsadida davlat organlari va tashkilotlar xodimlariga nisbatan cheklovlar, manfaatlar to‘qnashuvini aniqlash mexanizmlari va tartibga solish choralari, javobgarlik masalalari haqida batafsil maʼlumot berildi.

A. Burxanov davlat organlarining manfaatlar to‘qnashuvi bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga solishdagi vazifalari xususida to‘xtalar ekan, qonunning amaliyotda qo‘llanilishini taʼminlashda rahbarlarning zimmasidagi masʼuliyat, qolaversa, jamoatchilikning ishtiroki yuzasidan ham o‘z fikr-mulohazalarini bildirib o‘tdi.

— Manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymaslik, avvalambor, rahbar zimmasiga yuklangan masʼuliyatdir. Bu faqatgina jamoatchilikning ishonchini saqlab qolish uchun emas, balki halol va adolatli tizimni yaratish uchun muhim daxldorlikni anglatadi, — dedi A.Burxanov.

Shuningdek, manfaatlar to‘qnashuvi holatlarini aniqlash, ularni bartaraf etish hamda oldini olish bo‘yicha davlat organlari va tashkilotlari xodimlarining bilim va ko‘nikmalarini oshirish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar, qolaversa, korrupsiyaga qarshi kurashishga qaratilgan saʼy-harakatlarni yanada faollashtirish borasida ham o‘zaro fikr almashildi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati

Öxşaş materiallar