Agentlik va “Diydor” yoshlar eksperimental teatr-studiyasi o'rtasida o‘zaro hamkorlik yo‘lga qo‘yilmoqda
Mamlakatimiz Prezidenti tomonidan teatr sanʼatini rivojlantirish hamda maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish bo‘yicha belgilangan ustuvor vazifalar ijrosini taʼminlash doirasida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan sanʼat orqali korrupsiyaga qarshi kurashishning zamonaviy va taʼsirchan usullarini joriy etish maqsad qilingan.

Shu maqsadda Agentlik rahbariyati va jamoasi “Diydor” yoshlar eksperimental teatr-studiyasiga tashrif buyurdi.
Tashrif davomida korrupsiyaning davlat va jamiyat hayotiga salbiy ta’sirini aniq hayotiy misollar asosida sahna asarlari orqali ochib berish, shuningdek, aholi, ayniqsa yoshlar o‘rtasida halollik va adolat tamoyillarini targ‘ib etish masalalari muhokama qilindi.

Ushbu vazifaning bugungi kundagi dolzarbligi va ahamiyatidan kelib chiqib, Agentlik va teatr studiyasi o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish yuzasidan kelishuvga erishildi.
Hamkorlik quyidagi yo‘nalishlarda amalga oshirilishi belgilab olindi:
- — “Inson qadri uchun” g‘oyasi asosida korrupsiyaga qarshi kurash mavzusida yangi, g‘oyaviy-badiiy jihatdan yuksak sahna asarlarini yaratish va spektakllar sahnalashtirish;
- — sahna asarlari orqali korrupsiyaning salbiy oqibatlarini ochib berish hamda aholi, ayniqsa yoshlar o‘rtasida ushbu illatga nisbatan qatʼiy va murosasiz munosabatni shakllantirish;
- halollik, vatanparvarlik va insonparvarlik g‘oyalarini targ‘ib etuvchi festivallar, ko‘rik-tanlovlar, teatrlashtirilgan sahna chiqishlari hamda ijodiy uchrashuvlarni tashkil etish.

Hamkorlikning dastlabki natijasi sifatida joriy yil sentabr oyida Agentlik va “Diydor” teatr-studiyasi tomonidan korrupsiya illatiga bag‘ishlangan sahna asarining premyerasini o‘tkazish rejalashtirilmoqda.

Tashrif doirasida Agentlik jamoasiga teatr-studiya tomonidan sahnalashtirilgan “Karomat” spektakli namoyish etildi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati