Virtual qabulxona

Agentlik vakillari Olmaotada “Makroiqtisodiy masalalarga taʼsir o‘tkazuvchi korrupsiyaga qarshi kurashish” mavzusidagi mintaqaviy treningda ishtirok etdi

Asosiy yangiliklar 1 436 marta körilgan

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, Markaziy bank va Huquqni muhofaza qilish akademiyasi vakillaridan iborat O‘zbekiston delegatsiyasi 21-24-oktyabr kunlari Xalqaro valyuta jamg‘armasining Markaziy Osiyo, Mo‘g‘uliston va Kavkaz mamlakatlari salohiyatini rivojlantirish mintaqaviy markazi tomonidan Olmaota shahrida tashkil etilgan “Makroiqtisodiy masalalarga taʼsir o‘tkazuvchi korrupsiyaga qarshi kurashish” mavzusidagi mintaqaviy treningda ishtirok etdi.

Maʼlumot uchun: Xalqaro valyuta jamg‘armasining Markaziy Osiyo, Mo‘g‘uliston va Kavkaz mamlakatlari salohiyatini rivojlantirish mintaqaviy markazi – Xalqaro valyuta jamg‘armasi tashabbusi va hududdagi 9 mamlakat (Armaniston, Gruziya, Mo‘g‘uliston, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston Respublikasi, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston) hamkorligida tashkil etilgan.

Markazning asosiy faoliyati Jamg‘armaning iqtisodiy siyosatini ishlab chiqish, iqtisodiy o‘sishning inkluziv omillarini aniqlash va mintaqa davlatlarining iqtisodiy salohiyatini rivojlantirishga ko‘maklashish, tadqiqotlar o‘tkazish hamda mintaqa davlatlarining sohada faoliyat yurituvchi kadrlar uchun o‘quv seminarlari tashkil etishdan iborat.

Treningda korrupsiyaning mamlakatlar iktisodiy barkarorligiga va investitsion jozibadorligiga salbiy tasiri, xafv-xatarlari va korrupsiyaing oldini olish chora-tadbirlari xususida mashg‘ulot va davra suxbatlari bo‘lib o‘tdi.

Iqtisodiy barqarorlik va rivojlanishda eng katta to‘siqlardan biri korrupsiya ekanligi taʼkidlanib, agar mamlakatda korrupsiya darajasi past bo‘lsa, korrupsiya darajasi yuqori bo‘lgan davlatlarga nisbatan yalpi ichki maxsulotning 4 foizgacha miqdorda ko‘proq soliq tushumiga ega bo‘lishi mumkinligi aytildi.

O‘quv mashg‘ulotlarida Xalqaro valyuta jamg‘armasining korrupsiyaga qarshi siyosati, normativ-huquqiy hujjatlari, korrupsiyaga qarshi kurashishda samarali mexanizmlar, korrupsiyaga qarshi kurashish chora-tadbirlar samaradorligini taʼminlashning muhim elementlari hamda korrupsiyaga qarshi kurashishning institusional asoslari mavzulari bo‘yicha trening ishtirokchilarga maʼlumotlar berildi.

Shuningdek, treningda korrupsiyaga qarshi kurashishning xalqaro standartlari, jumladan manfaatlar to‘qnashuvini tartibga solish, davlat xizmatchilarining mol-mulkini deklaratsiya qilish, davlat organlari faoliyatining ochiqligi va hisobdorligini taʼminlash, korrupsiya haqida xabar beruvchilarni himoya qilish, korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun javobgarlikni belgilash bo‘yicha ilg‘or xorijiy davlatlar tajribalari ko‘rib chiqildi.

Markaz tomonidan o‘tkazilgan tadqiqotlar natijasiga ko‘ra so‘ngi yillarda mintaqa davlatlarida korrupsiyaga qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida mamlakatlarning iqtisodiy barqarorligi ortib borayotganligi eʼtirof etildi.

Trening yakunida barcha ishtirokchilarga sertifikatlar taqdim etilib, ortirilgan bilim va ko‘nikmalarini o‘z mamlakati amaliyotiga tadbiq etish va kelgusida Mintaqaviy markaz tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha doimiy ravish texnik ko‘mak ko‘rsatishga tayyor ekanliklari maʼlum qilindi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati

Öxşaş materiallar