Agentlikda Ichki ishlar vazirligining korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha hududlarda tashkil etilgan ishchi guruhlar kotiblari bilan uchrashuv o‘tkazildi
Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha milliy kengash yig‘ilishida Davlat rahbari tomonidan korrupsiyaning oldini olish va bartaraf etish choralarini kuchaytirish bo‘yicha huquqni muhofaza qiluvchi organlar, jumladan ichki ishlar organlariga aniq vazifa va topshiriqlar berildi.
Bugun Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligida Ichki ishlar vazirligining korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha hududlarda tashkil etilgan ishchi guruhlar kotiblari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ularning ijrosini taʼminlash, bu borada javobgarlik va masʼuliyatni oshirish masalalarida o‘zaro fikr almashildi.

Uchrashuvda dastlab Agentlik masʼul xodimlari tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi davlat siyosati, Agentlik faoliyati, amalga oshirilayotgan aksilkorrupsiya islohotlari, xususan, komplayens-nazorat tuzilmalari faoliyati, Prezidentimiz tomonidan belgilab berilgan vazifalarni amalga oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar xususida batafsil maʼlumot berildi.
Shundan so‘ng korrupsiya sohasidagi huquqbuzarliklarning oldini olish va jinoyatchilikka qarshi kurashish, shuningdek, korrupsion jinoyatlar sodir etish imkoniyatlarini bartaraf etish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Muloqot mobaynida davlat rahbarining topshiriqlaridan kelib chiqqan holda kriminogen vaziyati murakkab bo‘lgan hududlarda korrupsiyaviy omillarni bevosita aholi bilan muloqot, jamoatchilik fikri tahlili asosida chuqur o‘rganish lozimligi taʼkidlandi.

Bu borada o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash yuzasidan taklif va fikr-mulohazalar bildirildi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati