Virtual qabulxona

Andijon viloyatida raqamlashtirish, ochiqlikni ta’minlash va korrupsiyaviy xavflarni bartaraf etish ishlari o‘rganilmoqda

Asosiy yangiliklar 739 marta körilgan

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori o'rinbosari Umida Tuxtasheva boshchiligidagi Ishchi guruh tomonidan Andijon viloyatidagi ijtimoiy va infratuzilma obyektlarida raqamlashtirish, ochiqlikni ta’minlash va korrupsiyaviy xavflarni bartaraf etish ishlari o‘rganilmoqda.

Xususan, Ishchi guruh Andijon shahridagi Eski shahar dehqon bozorida savdo va to‘lovlar shaffofligi, tushumlarning to‘liq hisobga olinishi hamda bozor faoliyati samaradorligini oshirish borasidagi ishlar bilan tanishdi.

Bozorda savdo rastalarini tadbirkorlarga ijaraga berishda tamagirliklarning oldini olish va barcha to‘lovlarni naqd pulsiz amalga oshirish tizimi yaratilgan. Avtoturargohlarga kirish-chiqishni avtomatlashtirish va tushumlarni shaffof hisobga olish maqsadida "Raqamli bozor" axborot tizimining "Avtoturargoh" moduli joriy etilgan.

O‘rganish davomida bozor hududidagi barcha, jumladan, bo‘sh savdo rastalari haqidagi ma’lumotlarni monitorlar hamda maxsus ilova orqali real vaqt rejimida onlayn kuzatish imkoniyatini yaratish zarurligi ta’kidlandi.

Shahardagi 31-umumta’lim maktabidagi o‘rganishlarga ko‘ra, muassasada o‘quvchilar davomatini monitoring qilish, ta’lim jarayoni va muassasa xavfsizligini nazorat qilishga qaratilgan raqamli yechimlar joriy etilmoqda. Xususan, o‘quvchilar davomatini monitoring qilishga mo‘ljallangan "Xavfsiz maktab"tizimi test rejimida ishlamoqda.

Ishchi guruh yoshlarda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirishga qaratilgan GRACE dasturini joriy etish masalalariga ham alohida e’tibor qaratdi.

Viloyat endokrinologiya markazida "Yagona tibbiyot tizimi" (DMED) axborot tizimi joriy etilgan hamda bemorlarga ko‘rsatiladigan bepul xizmatlar ro‘yxati joylashtirilgan.

Markazning mas’ul rahbarlari bilan muloqotda tibbiy xizmatlar ko‘rsatishda inson omilini kamaytirish, shuningdek, ishga qabul qilish jarayonlarida korrupsiyaga qarshi talablariga rioya etish bo‘yicha zarur tavsiyalar berildi.

Ishchi guruh o‘rganishlari davom etmoqda.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati

Öxşaş materiallar