Andijon viloyatining Xo‘jaobod tumanida “korrupsiyadan xoli hudud” dasturi ijrosi o‘rganilmoqda
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktorining o‘rinbosari Umida Tuxtasheva boshchiligidagi Ishchi guruh Xo‘jaobod tumanini “korrupsiyadan xoli hududga aylantirish” bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishmoqda.
Jumladan, tumandagi 31-sonli umumiy o‘rta taʼlim maktabi va 28-sonli davlat maktabgacha taʼlim tashkiloti misolida GRACE xalqaro taʼlim dasturining joriy etilishi hamda “Halollik darslari”ning o‘tkazilish jarayoni yuzasidan muloqot o‘tkazildi.

Tuman hokimligi mutasaddilari haftaning har juma kuni “Korrupsiyaga qarshi kurashish kuni” sifatida belgilanganini qayd etdi. Ushbu kun doirasida tibbiyot, taʼlim, bandlik, kadastr, bank, savdo kabi korrupsiya xavfi yuqori bo‘lgan sohalardagi obyektlarga huquqni muhofaza qiluvchi organlar rahbarlarining shaxsan tashriflari amalga oshirilmoqda.

Bu jarayonda mavjud muammo va kamchiliklar o‘rganilib, ularni bartaraf etish choralari ko‘rilmoqda.

Ishchi guruh tumandagi “Do‘stlik” chegara o‘tkazish punktida bo'lib, korrupsiyaga qarshi kurashish maqsadida Xalq qabulxonasi faoliyatini tashkil etib, tuman hokimligi va mutasaddi tashkilotlar rahbarlari tomonidan fuqarolar bilan ochiq muloqotlar o'tkazish amaliyotini yo'lga qo'yish bo'yicha tavsiyalar berdi.

O'rganish mobaynida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish, dasturning har bir bandi ijrosi bo‘yicha shaxsiy javobgarlikni kuchaytirish hamda nazoratni qatʼiylashtirish yuzasidan tegishli topshiriqlar berilmoqda.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati