Virtual qabulxona

Andijonda korrupsiyaviy xavflarni kamaytirishda raqamli yechimlarni joriy etish holati o‘rganildi

Asosiy yangiliklar 641 marta körilgan

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi Ishchi guruhi tomonidan Andijon viloyatida korrupsiyaga qarshi kurashish va korrupsiyaviy omillarning oldini olish borasida dolzarb chora-tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”da belgilangan vazifalar ijrosi holati o‘rganildi.

Jumladan, viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi, viloyat Onkologiya markazi hamda Asaka tuman tibbiyot birlashmasida tibbiy xizmat ko‘rsatish, bemorlarni ro‘yxatga olish va tibbiy hujjatlarni elektron shaklda yuritish jarayonlarida raqamli texnologiyalardan foydalanish imkoniyatlari bilan tanishildi.

Shuningdek, dori vositalarining harakatini elektron tarzda nazorat qilish, aholiga bepul beriladigan dori vositalari ro‘yxatini bemorlar va aholiga ko‘rinadigan joylarga joylashtirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Asaka tumanidagi 41-sonli umumiy o‘rta taʼlim maktabida o‘quv jarayoni va o‘quvchilarning dars vaqtidagi xatti-harakatlari ustidan masofaviy videonazoratni yo‘lga qo‘yish, Andijon shahridagi 20- va 39-sonli davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarida bolalar uchun belgilangan badal to‘lovlarini elektron to‘lov tizimlari orqali amalga oshirish, shuningdek, oziq-ovqat omborlariga kuzatuv kameralarini o‘rnatish holati ko‘rib chiqildi.

O‘rganish davomida raqamlashtirishga oid vazifalar ijrosi ustidan masʼul rahbar va mutasaddi xodimlar tomonidan zarur darajada nazorat o‘rnatilmaganligi, ayrim hollarda topshiriqlar ijrosi yetarlicha taʼminlanmaganligi aniqlandi.

Shundan kelib chiqib, masʼul rahbarlarga belgilangan vazifalarning to‘liq va sifatli ijrosini taʼminlash, aniq chora-tadbirlarni amalga oshirish hamda ijroni nazoratga olish yuzasidan tegishli topshiriq va tavsiyalar berildi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati

Öxşaş materiallar