AQSH bilan korrupsiyaga qarshi kurashishda amaliy hamkorlikning yangi istiqbollari muhokama qilindi
Bugun Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori o‘rinbosari Umida Tuxtasheva AQSH Davlat departamentining Narkotik moddalar va huquqni muhofaza qilish byurosi (INL) O‘zbekistondagi vakolatxonasi direktori Djonatan Uidonni qabul qildi.
Uchrashuvda O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, Agentlik va INL o‘rtasidagi hamkorlikning amaliy natijalari hamda 2027-yilga mo‘ljallangan ustuvor vazifalar muhokama qilindi.

Muloqot avvalida Agentlik direktorining o‘rinbosari O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashish siyosati doirasidagi ustuvor yo‘nalishlar va bugungi tendensiyalar haqida maʼlumot berib, sohadagi islohotlarni samarali amalga oshirishda AQSH bilan hamkorlikni alohida eʼtirof etdi.
Xususan, INL tomonidan Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (IHTT) tavsiyalarini amalga oshirish, korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish hamda ilg‘or xorijiy tajribani joriy etish yo‘nalishlarida texnik ko‘mak ko‘rsatib kelinmoqda.

AQSH vakillari mamlakatimizda korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan preventiv mexanizmlarni joriy etish borasida amalga oshirilayotgan saʼy-harakatlarni yuqori baholadi.
Uchrashuvda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi qo‘shma loyihalar va hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari muhokama qilinib, o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirish va uning amaliy samaradorligini oshirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Xususan, korrupsiya haqida xabar bergan shaxslarni himoya qilish mexanizmlarini takomillashtirish, IHTTning 5-raund monitoringi doirasida berilgan tavsiyalarni amalga oshirish hamda korrupsiyaviy xavf-xatarlarni baholash metodologiyasini ishlab chiqish kabi yo‘nalishlarda amaliy hamkorlikni kuchaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, O‘zbekistonning 2027-yilda BMTning Korrupsiyaga qarshi konvensiyasi ishtirokchi davlatlari konferensiyasiga mezbonlik qilishi munosabati bilan mazkur xalqaro tadbirga tayyorgarlik ko‘rish va uni yuqori saviyada o‘tkazishda xalqaro hamkorlikni yana-da mustahkamlash muhimligi taʼkidlandi.
Uchrashuv yakunida muhokama qilingan taklif va tashabbuslar asosida o‘zaro manfaatli hamkorlikni izchil davom ettirish va uning yangi yo‘nalishlarini rivojlantirishga kelishib olindi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati