AQSHlik hamkorlar bilan manfaatlar to‘qnashuvining oldini olishga oid loyihani ishga tushirish va boshqa yo‘nalishlar muhokama qilindi
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori o‘rinbosari U.Tuxtasheva AQSH Davlat departamentining Giyohvand moddalarni nazorat qilish va huquqni muhofaza qilish ishlari byurosi (INL) Markaziy Osiyodagi dasturlari bo‘yicha ofitseri Kayl Ojima va mazkur idoraning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Neyt Rettenmayerni qabul qildi.

AQSH delegatsiyasi vakillari mamlakatimizda olib borilayotgan aksilkorrupsiya islohotlari, shu jumladan, yangi ishlab chiqilayotgan qonun loyihalari hamda preventiv choralarga yo‘naltirilgan mexanizmlarni joriy etish borasidagi saʼy-harakatlarni yuqori baholadi.
Tomonlar korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida amalga oshirilayotgan qo‘shma loyihalar va hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlarini muhokama qilib, o‘zaro hamkorlik aloqalarni rivojlantirish har ikki tomon uchun manfaatli ekanligini taʼkidladilar.

Bu borada AQSHning masʼul idoralari bilan hamkorlikni yanada mustahkamlashga kelishib olindi.
Muloqot mobaynida Iqtisodiy Hamkorlik va Taraqqiyot Tashkiloti bilan birgalikda manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish bo‘yicha yangi loyihani ishga tushirish masalasi ham muhokama qilindi.

Shuningdek, IHTTning Istanbul harakatlar rejasi doirasida O‘zbekistonning 5-raund monitoringi bo‘yicha muloqotni davom ettirishga alohida eʼtibor qaratildi.
Xususan, INL tomonidan monitoring natijalari bo‘yicha ishlab chiqiladigan tavsiyalarni amaliyotga tatbiq etishda hamkorlikda ish olib borishga tayyor ekanligi bildirildi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati