Virtual qabulxona

Budjet mablag‘larining sarflanishi va davlat xaridlari sohalarida korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha Qatar bilan o‘zaro tajriba almashildi

Asosiy yangiliklar 2 014 marta körilgan

Joriy yilning 4-6 mart kunlari Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi va Qatar DavlatiAudit byurosi hamkorligi doirasida Agentlik Ishchi guruhining Qatar davlatiga xizmat safari tashkil etildi.

Tashrifdan asosiy maqsad budjet mablag‘larining sarflanishi va davlat xaridlari jarayonlari ustidan monitoring qilish sohalarida korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha o‘zaro tajriba almashishdan iborat bo‘ldi.

Shu maqsadda Ishchi guruh hamda Qatar DavlatiAudit byurosi vakillari o‘rtasida o‘tkazilgan muloqotlarda byudjetni rejalashtirish va xarajatlarni monitoring qilish jarayonlarini avtomatlashtirish borasida raqamli vositalarni joriy etish, xarajatlarni optimallashtirish va budjet dasturlari samaradorligini oshirish uchun maʼlumotlarni tahlil etish orqali davlat byudjeti mablag‘laridan foydalanish samaradorligini oshirish bo‘yicha fikr almashildi.

Shuningdek, davlat xaridlari jarayonining shaffofligini taʼminlash uchun raqamli texnologiyalarni qo‘llash orqali xaridlarni amalga oshirishda korrupsiya omillarini bartaraf etish, elektron tender savdolari va xaridlar jarayonlarini onlayn monitoring tizimini joriy etish masalalarida ikki mamlakat tajribasi bilan o‘zaro o‘rtoqlashildi.

Muloqotlar mobaynida davlat mablag‘larini sarflanishi, davlat xaridlari monitoringi tizimi va unda zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalanish, xaridlar faoliyatining barcha bosqichlarini monitoring qilish uchun raqamli platformani ishlab chiqish, axborot to‘plash, maʼlumotlarni tahlil qilish, xavflarni aniqlash va xaridlar ustidan nazorat jarayonlarini avtomatlashtirish bo‘yicha ikki davlat tajribasiga bag‘ishlangan taqdimotlar o‘tkazildi.

Bundan tashqari, vakillarimiz mezbon tomon bilantekshirishlar o‘tkazish va audit jarayonida zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalanish, tekshirishlarni avtomatlashtirish, maʼlumotlarni tahlil qilish va huquqbuzarliklarni aniqlashning raqamli vositalarini joriy etish masalalarini muhokama qilishdi. Muhokamalar chog‘ida ichki nazorat tizimida axborot texnologiyalaridan foydalanish, axborotlardan foydalanishni nazorat qilishning raqamli tizimlarini joriy etish, xodimlarning harakatlarini monitoring qilish va ichki nazorat xavfsizligi hamda samaradorligini taʼminlash uchun buxgalteriya hisobi va maʼlumotlarni tahlil qilish jarayonlarini avtomatlashtirish masalalari ham ko‘rib chiqildi.

Uchrashuv yakunida ikki davlat idoralari o‘rtasida yuqoridagi yo‘nalishlar bo‘yicha amaliy hamkorlik choralari belgilab olindi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi

Axborot xizmati

Öxşaş materiallar