BMT tuzilmalari bilan korrupsiyaga qarshi kurashish bo'yicha hamkorlik ko‘lami yanada kengaytiriladi
Bugun Birlashgan Millatlar Tashkilotining Qonun ustuvorligi va xavfsizlik institutlari boshqarmasi (OROLSI) delegatsiyasi vakillarining O‘zbekistonga tashrifi boshlandi.
Ilk uchrashuv tuzilmaning O‘zbekistondagi doimiy va strategik hamkori Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi rahbariyati bilan bo‘lib o‘tdi.

Maʼlumot uchun: Birlashgan Millatlar Tashkilotining Qonun ustuvorligi va xavfsizlik institutlari boshqarmasi bilan O‘zbekiston tomonining hamkorligi BMT Bosh Kotibi yordamchisi, ijrochi direktori Aleksandr Zuyevning 2023 yil dekabr oyidagi mamlakatimizga tashrifi doirasida yo‘lga qo‘yilgan.
2024-yil fevral oyidagi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasining AQSHga tashrifi davomida esa boshqarma hamda Agentlik o‘rtasida Strategik hamkorlik bitimi imzolangan.
Uchrashuvda OROLSI va Agentlik o‘rtasidagi strategik hamkorlik bitimida belgilangan vazifalarni hayotga tatbiq etish, hamkorlik yo‘nalishlari va ko‘lami muhokama qilindi.

Dastlab Agentlik direktori Akmal Burxanov delegatsiya aʼzolariga mamlakat korrupsiyaga qarshi kurashish siyosatining asosiy yo‘nalishlari, sohada olib borilayotgan islohotlar mazmuni to‘g‘risida maʼlumot berib o‘tdi.
O‘z navbatida OROLSI vakillari BMT tuzilmalari tomonidan O‘zbekiston korrupsiyaga qarshi kurashish borasida olib borilayotgan ishlarning faol hamkoriga aylangani, O‘zbekiston bilan birgalikda ko‘plab loyihalarni samarali amalga oshirganini eʼtirof etishdi.

Shuningdek, delegatsiya rahbari, BMTning Politsiya va tinchlik boshqarmasi rahbari komissar Feysal Shaxkar tomonidan hamkorlikni rivojlantirish va bu bo‘yicha amaliy harakatlarga o‘tish taklif etildi. Bunda quyidagi yo‘nalishlar ustuvor sifatida belgilandi:
- korrupsiyaga qarshi siyosatni belgilab beruvchi normativ-huquqiy hujjatlarni BMT talablaridan kelib chiqqan holda ekspertizadan o‘tkazish;
- korrupsiyaga qarshi kurashishga masʼul organlar salohiyatini kuchaytirish uchun treninglar hamda o‘quv kurslari tashkil etish;
- BMTning boshqa tuzilmalari, shuningdek, Qonun ustuvorligi markazi bilan hamkorlikni mustahkamlash.
Bundan tashqari, delegatsiya rahbari xalqaro standartlar asosida O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashishga masʼul organlar salohiyatini oshirish bo‘yicha hamkorlik qilishga tayyorligini bildirdi.
Uchrashuvda hamkorlikning belgilangan yo‘nalishlari xususan, BMT tuzilmalarining korrupsiyaga qarshi kurashishdagi ishtirokini mustahkamlash, dasturiy hujjatlarni birgalikda ishlab chiqish, korrupsiya xavfi yuqori bo‘lgan sohalarda ularni minimallashtirish bo‘yicha choralarni belgilash, sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlari xodimlari uchun o‘quv dasturlarini tayyorlash masalalari muhokama etildi.

Muloqot davomida yuqoridagi yo‘nalishlarni amalga oshirish, Harakatlar rejasini ishlab chiqish hamda Agentlik va OROLSI hamkorligida tatbiq etilayotgan loyihalarni sifati va natijadorligini oshirish, har ikki tomon uchun ham samaradorligini taʼminlash maqsadida qo‘shma ishchi guruh tuzishga kelishildi. Uning vazifasi O‘zbekistonda BMT institutlari tomonidan amalga oshirilayotgan ishlarni, tadbirlarni o‘zaro muvofiqlashtirish etib belgilandi.
Maʼlumot o‘rnida: Delegatsiya aʼzolari Adliya va Ichki ishlar vazirliklari vakillari bilan ham uchrashuv o‘tkazadi. Uchrashuvlarda mazkur idoralar bilan hamkorlik yo‘nalishlarini belgilab olish, vatanga qaytarilgan fuqarolarni reabilitatsiya qilish va ijtimoiylashuvini taʼminlash, ichki va tashqi xavfsizlikni taʼminlash, ushbu yo‘nalishlarda norma ijodkorligi jarayonlari muhokama etilishi ko‘zda tutilgan.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati