Buxoro viloyatida korrupsiyaga qarshi kurashish holati Milliy kengash sayyor majlisida muhokama qilindi
Bugun G’ijduvon tumanida Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva boshchiligida Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashining sayyor majlisi bo‘lib o‘tdi.

Majlisda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxanov Respublika idoralararo ishchi guruhi tomonidan joriy yilning 1-6 aprel kunlari viloyatda korrupsiyaga qarshi kurashish ishlari holati bo‘yicha o‘tkazilgan o‘rganish yakunlari yuzasidan axborot berdi.

Taʼkidlanganidek, viloyat bo‘yicha 2024-yilda 288 nafar shaxs tomonidan 211 ta korrupsiyaga oid jinoyat sodir etilgan bo‘lib, bu ko‘rsatkich 2023-yil bilan taqqoslaganda 25,5 foizga ortgan. Davlat va jamiyat manfaatlariga yetkazilgan zarar miqdori 117,39 mlrd so‘mni tashkil etib, 2023-yilga nisbatan ikki baravarga oshgan.
Viloyatda o‘rganish natijalari ham korrupsiyaning oldini olish, jinoyatchilikka qarshi kurashish ishlarida qator kamchilik va muammolarni yaqqol ochib berdi.

O‘rganishlarda Buxoro va Kogon shaharlari, Shofirkon, Jondor, Buxoro, Kogon hamda Vobkent, Olot tumanlarida sog‘liqni saqlash, bandlik, bank, qurilish, kadastr, maktabgacha va maktab taʼlimi sohalariga oid obyekt va mahallalar qamrab olindi.
— Afsuski, o‘tkazilgan o‘rganish va tahlillar hududiy idora va tashkilotlar rahbarlari orasida korrupsiyaga qarshi kurashishda masʼuliyatsizlik, real muammolarga ko‘z yumish, quruq raqamlar ortidan quvish, ko‘zbo‘yamachilik, mansab vakolatlarini suiisteʼmol qilish holatlari uchrayotganini ko‘rsatdi. Davlat rahbari tomonidan sohada ustuvor vazifa va maqsadlar belgilanib, rahbarlarga katta ishonch bildirilayotgan va xalqimiz korrupsiyadan xoli jamiyat barpo etish uchun haqiqiy o‘zgarishlarni kutayotgan bir paytda bu kabi holatlarni hech narsa bilan oqlab bo‘lmaydi, — deya ta‘kidladi Akmal Burxanov.

Aniqlangan kamchiliklar yuzasidan mutasaddi rahbarlarning shaxsiy javobgarligini belgilash, ijro intizomini oshirish va tegishli rahbarlarga nisbatan qatʼiy choralar ko‘rish bo‘yicha Milliy kengashga taklif kiritildi.

Qayd etilgan masalalar yuzasidan sohalarga masʼul bo‘lgan rahbarlar tomonidan tushuntirish berildi.
Yig‘ilishda G’ijduvon tumanini “Korrupsiyadan xoli hudud”ga aylantirishga oid alohida amaliy chora-tadbirlar belgilandi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi va Milliy kengash masʼul vazirlik, idoralar tomonidan mazkur loyiha doirasida belgilangan vazifalarning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishini taʼminlaydi.
Muhokama yakuni bo‘yicha masʼullar zimmasiga tegishli vazifalar yuklandi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati