Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga xususiylashtirish jarayonlarida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash yuzasidan taqdimnoma kiritildi
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan turli internet nashrlarida “O‘zbekiston pochtasi” AJdagi davlat ulushining xususiylashtirilishi bilan bog'liq eʼlon qilingan materiallar asosida milliy pochta aloqa operatoridagi davlat ulushining xususiylashtirilishiga oid ochiqlangan maʼlumotlar va sohadagi qonunchilikda o‘rnatilgan talablar o‘rganildi.
Jumladan, davlat rahbarining tegishli farmonlari bilan “O‘zbekiston pochtasi” AJ Transformatsiya qilinadigan yirik davlat korxonalari ro‘yxatiga kiritilgan bo'lib, AJning 29,4 % davlat ulushi ommaviy savdolarga chiqariladigan aksiyalar paketlari (ulushlari) ro‘yxatidan joy olgan.
Amaldagi qonunchilik hujjatlarida davlat aktivlarini xususiylashtirish shaffoflik va qonuniylik, hisobdorlik, teng raqobat muhitini taʼminlash, shuningdek korrupsiyaga yo‘l qo‘ymaslik kabi prinsiplarga asoslanishi belgilab qo‘yilgan.
Xususan, “Davlat mulkini xususiylashtirish to‘g‘risida”gi Qonunning 6-moddasiga ko‘ra, davlat organlari xususiylashtirilayotgan davlat mulki haqidagi maʼlumotlardan davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi toʻgʻrisidagi qonunchilikda nazarda tutilgan usullarda erkin foydalanish imkoniyatini yaratishi shart.
Shu bilan birga, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining PF-6247-son Farmoni 4-bandi hamda Ochiq maʼlumotlar sifatida joylashtirilishi kerak bo‘lgan ijtimoiy ahamiyatga molik maʼlumotlar ro‘yxatida Davlat aktivlarini boshqarish agentligi ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan yuridik shaxslar hamda davlat unitar korxonalari ro‘yxatini (davlat ulushi to‘g‘risidagi maʼlumotlarni ko‘rsatgan holda) Ochiq maʼlumotlar portaliga joylashtirishi va har chorakda yangilab borishi belgilangan.
Bundan tashqari, Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 28-oktabrdagi 572-son Qaroriga binoan davlat mulki obyektlari to‘g‘risidagi axborotlarni portalga joylashtirmasdan savdoga chiqarishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Yuqoridagilarga muvofiq, o‘rganish yakunlari bo‘yicha Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga davlat aktivlarini realizatsiya qilinishida amaldagi qonunchilik talablari, xususan, xususiylashtirish jarayonlarida ochiqlik va shaffoflik prinsiplariga qat’iy rioya etilishini ta’minlash yuzasidan taqdimnoma kiritildi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati