Davlat xaridlarida korrupsiyaning oldini olish masalalariga bag‘ishlangan risola va qo‘llanma tayyorlanmoqda
Shu kunlarda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, Bosh prokuratura, Adliya vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Huquqni muhofaza qilish akademiyasi hamda Toshkent davlat yuridik universiteti vakillaridan iborat Ishchi guruh tomonidan davlat xaridlariga oid risola hamda qo‘llanma tayyorlash ustida ish olib borilmoqda.

Davlat xaridlari sohasida korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha eng muhim masalalarga bag‘ishlangan ushbu ishlanmalar barcha davlat xizmatchilarini davlat xaridlariga oid amaldagi meʼyoriy-huquqiy hujjatlarda mustahkamlangan asosiy tartib-qoidalar, cheklovlar, javobgarlik choralari bilan yaqindan tanishtirish maqsadida ishlab chiqilmoqda. Ularda davlat xaridlari jarayonida eng ko‘p uchraydigan korrupsiya holatlari, muammoli vaziyatlar va ularning yechimlari O‘zbekiston hamda Yaponiya tajribasidagi aniq amaliy misollar orqali atroflicha bayon qilinmoqda.

Mazkur risola va qo‘llanma Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) va Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi hamkorligida 2024-2025 yillarga mo‘ljallangan “Investitsiya muhitini yaxshilash maqsadida korrupsiyaga qarshi chora-tadbirlarni qo‘llab-quvvatlash” texnik ko‘mak loyihasi doirasida tayyorlanmoqda.

Loyiha doirasida joriy yilning 3-14 fevral kunlari Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori o‘rinbosari Umed Mavlyanov boshchiligidagi Ishchi guruh kunchiqar mamlakatda davlat xaridlarida korrupsiyaga qarshi chora-tadbirlarga bag‘ishlangan o‘quv treningda ishtirok etdi.

O‘quv trening davomida yaponiyalik ekspertlar Katsuya Ichixashi, Mikiko Matsumoto hamda Rie Yasudalarning amaliy ko‘magida qo’llanma va risola loyihasi mazmunan va sifat jihatidan yanada boyitildi.

Kuni-kecha Agentlikda Ishchi guruh vakillari hamda Mikiko Matsumoto ishtirokida ishlanmalarning yakuniy loyihasi bo‘yicha muhokama o‘tkazildi.
Muhokamalar yakuni bo‘yicha M.Matsumoto tomonidan bildirilgan taklif va tavsiyalar asosida risola va qo‘llanma har tomonlama yanada takomillashtiriladi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati