Virtual qabulxona

Davlat xaridlariga oid nashrlar taqdimot qilindi

Asosiy yangiliklar 2 133 marta körilgan

Joriy yilning 18-aprel kuni Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi va Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) o‘rtasida tasdiqlangan 2024–2025 yillarda hamkorlikda amalga oshiriladigan “Investitsiya muhitini yaxshilash maqsadida korrupsiyaga qarshi chora-tadbirlarni qo‘llab-quvvatlash” texnik ko‘mak loyihasi doirasida ishlab chiqilgan “Davlat xaridlari sohasida korrupsiyaning oldini olish” risolasi hamda davlat xaridlari sohasida nazoratni amalga oshiruvchi davlat xizmatchilari uchun qo‘llanma taqdimotiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.

Maʼlumot o‘rnida: Mazkur loyiha korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida davlat siyosatini muvofiqlashtirish, korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish, shuningdek, korrupsiyaga qarshi o‘qitish va nodavlat tashkilotlar faolligini oshirishda o‘zaro hamkorlikni nazarda tutadi. Loyiha doirasida O‘zbekiston va Yaponiyada Agentlik hamda masʼul idoralar xodimlari uchun malaka oshirish mashg‘ulotlari, tajriba almashish kurslari, seminar-treninglar tashkil etib kelinmoqda.

JICA tomonidan loyiha asosida O‘zbekistonda davlat xaridlari sohasida korrupsiyaning oldini olishga ko‘maklashish uchun yaponiyalik ekspertlar jalb etilgan.

Tadbirda Agentlik rahbariyati, Oliy Majlisi Senati, Qonunchilik palatasi, Oliy sud, Vazirlar Mahkamasi, Yaponiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi, JICAning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbariyati va ekspertlari, bir qator vazirlik va idoralar masʼul xodimlari ishtirok etdi.

Taqdimot qilingan ishlanmalar Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, Bosh prokuratura, Oliy sud, Adliya vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Huquqni muhofaza qilish akademiyasi hamda Toshkent davlat yuridik universiteti vakillaridan iborat Ishchi guruh tomonidan davlat xizmatchilarini davlat xaridlari sohasidagi asosiy qoidalar hamda korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan muhim masalalar bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini yana-da oshirish maqsadida tayyorlandi.

Xususan, qo‘llanmada davlat xaridlari jarayonida eng ko‘p uchraydigan korrupsiya holatlari, muammoli vaziyatlar va ularning yechimlari O‘zbekiston hamda Yaponiya tajribasidagi aniq amaliy misollar orqali tushuntirilgan. Bu ayniqsa, davlat tashkilotlarining korrupsiyaga qarshi kurashish ichki nazorat tuzilmalari, audit xodimlari uchun faoliyat samaradorligini oshirishda qo‘l keladi.

Uni ishlab chiqishda Nagoya iqtisodiyot universiteti professori Katsuya Ichixashi va Mikiko Matsumoto hamda Riye Yasuda kabi yaponiyalik ekspertlar tomonidan amaliy ko‘mak ko‘rsatildi.

Qo‘llanma va risola nafaqat davlat xizmatchilari, balki tadqiqotchi va sohaga qiziquvchilar uchun davlat xaridlarida korrupsiyaga qarshi kurashish masalalarini chuqur o‘rganishda muhim manba bo‘la oladi.

Tadbir doirasida JICA bilan korrupsiyaga qarshi kurashish yo‘nalishida hamkorlik samaradorligini yana-da oshirish masalalari muhokama qilindi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati

Öxşaş materiallar