Davlat xizmatchilari uchun jazoni ijro etish muassasalari hamda tergov hibsxonalariga profilaktik tashriflar tashkil etish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan Ichki ishlar vazirligi bilan hamkorlikda davlat xizmatchilari uchun jazoni ijro etish muassasalari hamda tergov hibsxonalariga profilaktik tashriflar tashkil etish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi.

Mazkur tashabbus Korrupsiyaga qarshi kurashish Milliy kengashi tomonidan tasdiqlangan 2026-yilga mo‘ljallangan Korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha Harakatlar rejasi doirasida amalga oshirilmoqda.
Tashriflarning asosiy maqsadi — korrupsiyaviy huquqbuzarliklarning og‘ir oqibatlarini davlat xizmatchilariga bevosita ko‘rsatish, har qanday noqonuniy xatti-harakatning muqarrar huquqiy oqibatlari haqida aniq tasavvur shakllantirish, xizmat vakolatlaridan faqat davlat va jamiyat manfaatlari yo‘lida foydalanish mas’uliyatini oshirish hamda halollik, qonun ustuvorligi tamoyillariga sodiqlikni kuchaytirishdan iborat.

Bugungi ilk tashrifda Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi, Kadastr agentligi rahbariyati va mas’ul xodimlari ishtirok etdi.
Tashrif davomida davlat xizmatchilari tergov xonalari, hibsda saqlash kameralari hamda muassasalarning boshqa infratuzilma obyektlari bilan yaqindan tanishtirildi.

Shuningdek, korrupsiyaviy jinoyatlar uchun jazo o‘tayotgan shaxslar bilan muloqotlar tashkil etildi.
Ular tomonidan qabul qilingan noqonuniy qarorlar nafaqat o‘z hayotiga, balki oilasi, farzandlari, kasbiy faoliyati va jamiyatdagi obro‘siga ko‘rsatgan salbiy ta’siri haqida hayotiy misollar keltirildi.

Mazkur muloqotlar davlat xizmatchilariga korrupsiyaning oqibatlari faqat jinoiy javobgarlik yoki ozodlikdan mahrum etish bilan cheklanmasligini, balki insonning kelajagi, oilaviy farovonligi va ijtimoiy nufuziga ham jiddiy zarar yetkazishini anglashga xizmat qiladi.
Kelgusida bunday tashriflar boshqa vazirlik va idoralar rahbarlari hamda korrupsiyaviy xavf darajasi yuqori bo‘lgan sohalardagi xodimlarni bosqichma-bosqich qamrab oladi.

Jarayonlarning ochiqligi va shaffofligini ta’minlash maqsadida ushbu tadbirlarga ommaviy axborot vositalari hamda fuqarolik jamiyati institutlari vakillari ham keng jalb etilishi rejalashtirilgan.

Agentlik korrupsiyaga qarshi kurashishda jazolashdan ko‘ra uning oldini olishga ustuvor ahamiyat qaratgan holda, davlat xizmatchilarida murosasiz munosabatni shakllantirish hamda korrupsiyaviy xavf omillarini bartaraf etishga qaratilgan profilaktik choralarni izchil davom ettiradi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati