Virtual qabulxona

Davlat xizmatchilarining tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishi holatlariga chek qo‘yilmoqda

Asosiy yangiliklar 3 827 marta körilgan

Maʼlumki, “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunining 4-moddasida davlat organlari (qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno), ularning mansabdor shaxslari, shuningdek, tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishi qonunchilikda man etilgan boshqa shaxslar tadbirkorlik faoliyati subyektlari bo‘lishi mumkin emasligi belgilangan.

Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasining “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonunining 13-moddasida davlat fuqarolik xizmatchisi tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishga, tadbirkorlik faoliyati subyektlarini tashkil etishga, ularning muassisi (ishtirokchisi) bo‘lishga, tadbirkorlik faoliyati subyektida tashkiliy-boshqaruv, maʼmuriy-xo‘jalik vazifalarini bajarishga davlat fuqarolik xizmatini o‘tash bilan bog‘liq cheklovlar o‘rnatilgan.

Shunga qaramay, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan vazirlik va idoralar hamda davlat muassasalari va tashkilotlari xodimlarining tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish holatlari yuzasidan o‘tkazib kelinayotgan masofaviy o‘rganishlarida bu borada hamon qonunbuzilishi holatlari kuzatilmoqda.

Xususan, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi, Suv xo‘jaligi, Qishloq xo‘jaligi vazirliklari va ularning tizim tashkilotlari o‘rganilganda 398 nafar boshqaruv xodimi 449 ta tadbirkorlik subyektida taʼsischilik asosida faoliyat yuritib kelayotganligi aniqlandi.

Jumladan, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligining 93 nafar boshqaruv xodimi 112 ta tadbirkorlik subyektida, Suv xo‘jaligi vazirligining 26 nafar boshqaruv xodimi 35 ta tadbirkorlik subyektida hamda Qishloq xo‘jaligi vazirligining 279 nafar boshqaruv xodimi 302 ta tadbirkorlik subyektida taʼsischilik asosida faoliyat yuritib kelgan.

Yuqoridagi qonunbuzilishi holatlarini bartaraf etish bo‘yicha mazkur vazirliklarga Agentlik tomonidan tegishli taqdimnomalar kiritildi.

Vazirliklar tomonidan taqdimnomalar tanqidiy muhokama qilinib, tadbirkorlik subyektlarda taʼsischilik qilayotgan xodimlarga nisbatan ogohlantirish xatlari berildi va qayd etilgan qonunbuzilishi holatlariga chek qo‘yildi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi

Axborot xizmati

Öxşaş materiallar