Virtual qabulxona

Davlat xizmatchisi va tadbirkor muloqotida qonuniylik: korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalarining vazifalari tushuntirildi

Asosiy yangiliklar 528 marta körilgan

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan 140 dan ortiq davlat organlari va tashkilotlarining korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari xodimlari uchun “Davlat xizmatchilarining tadbirkorlar bilan muloqoti va tartibbuzarliklar bo‘yicha xizmat tekshiruvi” mavzusida onlayn o‘quv seminari o‘tkazildi.

Tadbir 2026-yil 17-apreldagi “Tadbirkorlik faoliyatiga noqonuniy aralashuvlarni cheklash va nazorat tadbirlarining shaffofligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF–63-son Prezident Farmonida belgilangan vazifalar ijrosi doirasida Biznes-ombudsman hamda Huquqni muhofaza qilish akademiyasi bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Farmonga muvofiq, davlat xizmatchisining tadbirkorlik subyekti bilan muloqoti asosli yoki asossiz ekanligiga baho berish tegishli davlat organining korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmasi tomonidan amalga oshiriladi.

Bir tadbirkorlik subyekti bilan bir yil davomida ikki yoki undan ortiq marta asossiz muloqotga kirishgan davlat xizmatchisiga nisbatan ichki nazorat tuzilmasi tomonidan xizmat tekshiruvi o‘tkaziladi va boshqa tegishli choralar ko‘riladi.

Shu maqsadda hozirda yangi imkoniyatlarga ega bo‘lgan “Yagona davlat nazorati” axborot tizimidan samarali foydalanish va unga davlat organlarining korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari masʼul xodimlarini ulash bo‘yicha Agentlik hamda Biznes-ombudsman hamkorligida tegishli choralar ko‘rilmoqda.

Davlat xizmatchilarining tadbirkorlik subyektlari bilan muloqotlari haqidagi maʼlumotlarni mazkur axborot tizimiga kiritish majburiy bo‘lib, Agentlik va Biznes-ombudsman tomonidan doimiy monitoring qilib boriladi. Qonunchilikda belgilangan hollarda ushbu maʼlumotlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim etiladi.

Onlayn seminar davomida davlat organlari va tadbirkorlik subyektlari o‘rtasidagi muloqotlarni nazorat qilishda korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalarining vazifalari atroflicha tushuntirildi.

Taʼkidlanganidek, tuzilma xodimlari davlat xizmatchisi va tadbirkor o‘rtasidagi xizmatga oid muloqotlarni monitoring qilish, ularning asosliligini baholash, korrupsiyaviy xavf va shubhali holatlarni aniqlash, manfaatlar to‘qnashuvini tekshirish, zarur hollarda xizmat tekshiruvini tashkil etish, profilaktik choralarni amalga oshirish, jarayonlarni takomillashtirish, shuningdek, xodimlarga tushuntirish va o‘quvlar o‘tkazish vazifalarini bajaradi.

Ichki nazorat tuzilmalari xodimlari davlat xizmatchilarining tadbirkorlik subyektlari bilan nazorat tadbiri hisoblanmaydigan muloqotlarining asosliligini baholash tartibi bilan ham tanishtirildi. Shuningdek, davlat xizmatchisi tomonidan belgilangan muloqot tartibi buzilgan hollarda xizmat tekshiruvini tashkil etish va o‘tkazish masalalariga oid batafsil maʼlumot berildi.

Yakunda turli amaliy keyslar orqali ishtirokchilarning muloqotlarga huquqiy baho berish, korrupsiyaviy xavflarni aniqlash, shuningdek, xizmat tekshiruvini boshlash yoki boshlamaslik yuzasidan asoslangan qaror qabul qilish ko‘nikmalari yanada mustahkamlandi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati

Öxşaş materiallar