Yevropa Ittifoqi va Latviya O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi islohotlarni qo‘llab-quvvatlaydi
Joriy yilning 5-dekabr kuni Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori o‘rinbosari U.Tuxtasheva hamda Latviyaning Markaziy moliyalashtirish agentligi rahbari Anita Krumina va Latviya elchisi Reynis Troksha o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda Latviya hamkorligida ishga tushirilgan “O‘zbekistonda davlat boshqaruvini takomillashtirish: korrupsiyaning oldini olishda inklyuziv yondashuv” loyihasi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar va kelgusida rejalashtirilgan tadbirlar muhokama qilindi.

Maʼlumot o‘rnida: Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi hamda Yevropa Ittifoqi, Germaniya Federal iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot vazirligi moliyaviy ko‘magida hamda Latviyaning Moliya va shartnoma markaziy agentligi (CFLA), shuningdek, Germaniyaning Xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ), Sloveniyaning “Mintaqaviy muloqot” xalqaro nodavlat tashkiloti tomonidan “O‘zbekistonda davlat boshqaruvini takomillashtirish: korrupsiyaning oldini olishda inklyuziv yondashuv” loyihasi amalga oshirilmoqda.
2024-2026 yillarga mo‘ljallangan mazkur loyiha faoliyatining asosiy yo‘nalishlari huquqiy va institutsional islohotlar, huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashni kuchaytirish va fuqarolik jamiyatini jalb qilish orqali ijtimoiy masʼuliyatni oshirishdan iborat.

Loyihaning 2024-yilga mo‘ljallangan ish rejasiga ko‘ra, bu yil loyiha doirasida korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi normativ-huquqiy bazani tahlil qilish va baholash, xalqaro hujjatlar normalarining milliy qonunchilikka tatbiq etilishini o‘rganish, ommaviy axborot vositalari va jamoatchilik faollarining korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida salohiyatini oshirish, xususan, jurnalistik surishtiruvlarni qo‘llab-quvvatlash masalalariga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Xususan, uchrashuvda manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish, Yevropa tajribasi asosida nodavlat notijorat tashkilotlar va jurnalistlarning salohiyatini oshirish, O‘zbekiston va Latviyada qo‘shma tadbirlar tashkil etish, davlat-xususiy sherikchilik hamda xabar beruvchilarni himoya qilish yo‘nalishlari haqida so‘z yuritilib, hamkorlik sohalari sifatida ko‘rib chiqildi.
Uchrashuv so‘nggida tomonlar loyiha samaradorligini oshirish va natijadorlikka erishish istaklarini yana bir bor taʼkidlab, hamkorlikda 2025-yilda amalga oshiriladigan Chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqishga kelishib oldilar.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati