Virtual qabulxona

Farg‘ona va Namangan viloyatlaridagi mahalliy davlat hokimiyati organlari uchun ochiqlikni taʼminlash masalalari yuzasidan o‘quv seminar-treningi o‘tkazildi

Asosiy yangiliklar 1 709 marta körilgan

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan Farg‘ona va Namangan viloyatlarida mahalliy davlat hokimiyati organlarining ochiqlikni taʼminlashga masʼul xodimlarini sohada bilim va salohiyatini oshirishga qaratilgan o‘quv seminar-treningi o‘tkazildi.

O‘quv seminarida viloyat darajasidagi tashkilotlar, shu jumladan, tuman va shahar hokimliklarining axborot xizmatlari hamda ochiq maʼlumotlarini ishlab chiqishga masʼul boshqa xodimlari ishtirok etdi.

Seminarda Agentlik masʼul xodimlari tomonidan mazkur viloyatlarda o‘tkazilgan o‘rganish natijalari muhokama qilinib, ishtirokchilariga ochiqlikni taʼminlash sohasidagi xalqaro standartlar, bu borada xorijiy davlatlarning ijobiy tajribasi, milliy qonunchilikda nazarda tutilgan talablariga rioya etish, Ochiqlik indeksining baholash indikatorlariga oid maʼlumotlarni o‘z vaqtida, to‘g‘ri va to‘liq eʼlon qilib borish bilan bog‘liq masalalarda atroflicha maʼlumot berildi.

Shuningdek, davlat organlari va tashkilotlarida ochiqlikni taʼminlashga masʼul bo‘lgan xodimlar faoliyatining samaradorligi, davlat organlari va tashkilotlarining rasmiy veb-saytlarida axborotlarni joylashtirish va elektron davlat xizmatlari ko‘rsatish holati, ijtimoiy ahamiyatga molik maʼlumotlarni qonunchilikda belgilangan axborot resurslarida eʼlon qilish va jamoatchilik oldida hisobdorlik tizimiga oid masalalar muhokama qilindi.

Maʼlumot uchun: Davlat organlari va tashkilotlari Ochiqlik indeksining 2023 yildagi baholash natijalari bo‘yicha 31 ta davlat organi “yashil” (71-100 ball), 43 tasi “sariq” (55-71 ball) va 29 tasi “qizil” (55 balldan past) samaradorlik ko‘rsatkichlarini qayd etgan.

Bundan tashqari, o‘quv seminarlarida Agentlik tomonidan ochiqlikni taʼminlashga oid maʼlumotlarni eʼlon qilish hamda ichki idoraviy hujjatlarni amaldagi qonunchilikka muvofiqlashtirish bo‘yicha ishlab chiqilgan namunaviy hujjatlar taqdimoti o‘tkazilib, ular asosida idoraviy doirada samarali nazorat tizimini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha maʼlumot berildi.

Qayd etilganidek, Agentlik tomonidan o‘tgan vaqt mobaynida ochiqlikni taʼminlash tizimini samarali tashkil etish borasida vazirlik va idoralar, shu jumladan, mahallaiy davlat hokimiyati organlari uchun amaliy tavsiyalarni o‘z ichiga olgan namunaviy hujjatlar shakllari ishlab chiqilib, manfaatdor vazirlik va idoralarga tarqatildi.

Bu esa kelgusi yilda Agentlik tomonidan o‘tkazilgan ochiqlikni taʼminlashga oid ishlarning samaradorligini reyting baholash jarayonlari oldidan davlat organlari va tashkilotlari faoliyati uchun muhim amaliy qo‘llanma bo‘ldi.

O‘z navbatida, seminar ishtirokchilari o‘z faoliyatida uchrayotgan muammolar yuzasidan o‘z takliflarini bildirdi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati

Öxşaş materiallar