Virtual qabulxona

Farg‘ona viloyatida korrupsiyaning oldini olishga oid “Yo‘l xaritasi” ijrosi muhokama qilindi

Asosiy yangiliklar 1 093 marta körilgan

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxanov va Bosh prokurorning birinchi o‘rinbosari Baxriddin Valiyev ishtirokida Farg‘ona viloyatida korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha tasdiqlangan “Yo‘l xaritasi” doirasida amalga oshirilayotgan ishlarning holati hududiy ishchi guruh vakillari va boshqa mas'ullar bilan muhokama qilindi.

Muhokamada “Yo‘l xarita”da korrupsiya xavf-xatarlari yuqori bo‘lgan qator sohalarda korrupsiya omillarini aniqlash va ularni bartaraf etishga qaratilgan aniq chora-tadbirlar ijrosi ayrim hollarda yetarli bajarilmayotganligi yoki umuman ijrosiz qolib ketayotganligi tanqid qilindi.

Masalan, o‘rganishlarimizda kadastr organlarining hududiy filiallari faoliyatida korrupsiyaviy holatlarni bartaraf etish va maishiy korrupsiyaning oldini olishda sustkashlikka yo‘l qo‘yilayotgani aniqlandi.

Ochiqlikni taʼminlash borasidagi ishlar ham qoniqarsiz ahvolda. Joriy yilning birinchi yarmida biror tuman yoki shahar hokimliklari qonunchilikda belgilangan 22 ta toifadagi ijtimoiy ahamiyatga molik maʼlumot ochiqligini taʼminlamagani buning yaqqol isboti.

Bundan tashqari, turli sohalarda davlat xizmatchilarining tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishi holatlari hamon saqlanib qolmoqda,

— dedi A.Burxanov.

Ishchi guruh rahbarlari masʼullarga bu kabi salbiy holatlarni tezkor bartaraf etish zarurligi yuzasidan tegishli ko‘rsatmalar berdi.

Shuningdek, “Yo‘l xarita”da belgilangan vazifalar bilan cheklanib qolmasdan yangi tashabbuslarni ilgari surish, masʼuliyatni oshirish lozimligi alohida qayd etildi.

Ishchi guruh tomonidan korrupsiya xavfi yuqori bo‘lgan sohalarda korrupsiya omillari, byurokratik to‘siqlarning sabab va shart-sharoitlarini aniqlash, ularga oqilona yechim topishga qaratilgan mexanizmlarni samarali joriy etish masalalarida masʼullarga ko‘maklashildi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati

Öxşaş materiallar