Fransiya bilan korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha hamkorlikning keyingi qadamlari muhokama qilindi
Joriy yilning 25-aprel kuni Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligida Agentlik xodimlari hamda Fransiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi vakillari D.Duklo va A.Mot o‘rtasida ishchi uchrashuv tashkil etildi.
Uchrashuvdan maqsad O‘zbekiston va Fransiya o‘rtasida korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida hamkorlikni jadallashtirish, qo‘shma loyihalar ishlab chiqish hamda Fransiya aksilkorrupsiya idoralari ilg‘or tajribasini o‘rganish masalalarini muhokama qilishdan iborat bo‘ldi.

Uchrashuv boshida, Agentlik vakillari O‘zbekistonda mazkur sohada amalga oshirilgan ishlar, keng ko‘lamli islothot va tashabbuslar, preventiv choralar hamda istiqboldagi rejalar haqida xorijiy tomonga axborot berdi.
Maʼlumot uchun: ikki davlat aksilkorrupsiya idoralari o‘rtasida o‘zaro anglashuv Memorandumi 2022-yilda Fransiyaga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy tashrifi doirasida imzolangan.

Uchrashuvda ikki mamlakat o‘rtasida korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida tajriba almashishni kuchaytirish bo‘yicha aniq hamkorlik yo‘nalishlari hamda keyingi qadamlar belgilab olindi.

Jumladan, Fransiyaning Jamiyatda ochiqlikni taʼminlash bo‘yicha Oliy Kengashi hamda Oliy yuridik maktabi bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, xususan manfaatlar to‘qnashuvi, davlat xizmatchilarining daromad va mol-mulkini deklaratsiya qilish, davlat xizmatida halollikni kuchaytirish hamda korrupsiyaga qarshi o‘qitish masalalarida hamkorlik qilish yuzasidan fikr almashildi.

Uchrashuv yakunida muhokama qilingan hamkorlik yo‘nalishlarida ishlarni davom ettirish, Fransiya taraqqiyot agentligi ishtirokida qo‘shma loyihalar ishga tushirish hamda o‘zaro manfaatli sohalarda tajriba almashib borish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati