Virtual qabulxona

Huquqiy eksperimentning dastlabki natijalari muhokama qilindi

Asosiy yangiliklar 1 400 marta körilgan

Korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tizimi samaradorligini oshirish bo‘yicha huquqiy eksperiment o‘tkazilayotgan tashkilotlarda amalga oshirilayotgan ishlarning dastlabki natijalari Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxanov rahbarligida muhokama qilindi.

Sog‘liqni saqlash vazirligida joriy etilgan yangi “Situatsion markaz” tizimi orqali iyul oyi holatiga ko‘ra, 1280 nafar rahbar va xodimda manfaatlar to‘qnashuvi hamda nepotizm holatlari aniqlangan. Hozirda vazirlik korrupsiyaga qarshi xalqaro standartlarni joriy etish ustida ish olib bormoqda.

Suv xo‘jaligi vazirligi korrupsiya bilan bog‘liq jinoyat va huquqbuzarliklar ko‘rsatkichi yuqori bo‘lgan hududni "Korrupsiyadan xoli suv xo‘jaligi tizimi"ga aylantirish loyihasi ustida ish olib bormoqda. Bunda asosiy eʼtibor tizimda raqamlashtirish orqali inson omilini qisqartirish, eng muhimi, ayni jarayonlarda keng jamoatchilik ishtirokini taʼminlashga qaratilmoqda.

Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi tomonidan qurilish jarayonlarini real vaqtda nazorat qilish imkonini beradigan tizim yo‘lga qo‘yildi. Qurilishda shaffoflikni taʼminlash maqsadida “Shaffof qurilish” axborot tizimi takomillashtirilmoqda.

“O‘zbekneftgaz”AJda 745,0 mln so‘mlik noqonuniy davlat xaridlarining amalga oshirilishi oldi olindi. Maxsus platformada to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar bo‘yicha kontragentlarni tekshirish modulini takomillashtirish va manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymaslik choralari ko‘rilmoqda.

“O‘zsuvtaʼminot” AJda korrupsiyaning oldini olish maqsadida yagona “Suv Dispetcher” dispetcherlik tizimi joriy etildi. Shuningdek, ichimlik suvi isteʼmolini aniq hisobga olish uchun smart-hisoblagichlar o‘rnatish ishlari olib borilmoqda.

Muloqotda huquqiy eksperiment doirasida belgilangan vazifalar ijrosini samarali taʼminlash, ichki nazorat tizimlarini yana-da takomillashtirish, korrupsiyaviy xavflarni oldindan aniqlash hamda xalqaro standartlar asosida ishlash bo‘yicha kelgusidagi vazifalar belgilab olindi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati

Öxşaş materiallar