Virtual qabulxona

Yaponiyalik ekspertlar bilan davlat xaridlarida korrupsiyaning oldini olish choralari muhokama qilindi

Asosiy yangiliklar 2 777 marta körilgan

Joriy yilning 12 iyul kuni Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligida Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) bilan hamkorlikda davlat organlari va tashkilotlarining audit hamda korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari masʼul xodimlari uchun JICA ekspertlari Katsuya Ichixashi, Sato naxoshi hamda Matsumot Mikiko ishtirokida “Davlat xaridlarida korrupsiyaga qarshi kurashish” mavzusida seminar o‘tkazildi.

Mazkur tadbir JICA va Agentlik hamkorligida korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida 2024-2025 yillarga mo‘ljallangan “Investitsiya muhitini yahshilash maqsadida korrupsiyaga qarshi chora-tadbirlarni qo‘llab-quvvatlash” texnik ko‘mak loyihasi doirasida tashkil etib kelinayotgan tadbirlarning navbatdagisidir.

Maʼlumot o‘rnida: Mazkur loyiha davlat xaridlari sohasida korrupsiyaning oldini olish, aholining xabardorligini oshirishga ko‘maklashish yo‘nalishlarida o‘zaro hamkorlikni nazarda tutadi. Loyiha doirasidagi hamkorlik O‘zbekiston va Yaponiyada Agentlik hamda masʼul idoralar xodimlari uchun malaka oshirish mashg‘ulotlari, tajriba almashish kurslari, seminar-treninglar orqali amalga oshiriladi.

JICA tomonidan loyiha asosida O‘zbekistonda davlat xaridlari sohasida korrupsiyaning oldini olishga ko‘maklashish uchun yaponiyalik ekspertlar jalb etilgan.

Seminar avvalida davlat xaridlari sohasida “Korrupsiyasiz soha” loyihasi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar, xususan, xaridlarni elektron shaklda o‘tkazishning umumiy qoidalari va shartlari, to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar bo‘yicha davlat xaridlarini amalga oshirish tartiblari joriy etilgani, sohada korrupsiyaviy holatlarni aniqlovchi va shaffoflikni taʼminlovchi elektron platforma ishlab chiqilgani xususida to‘xtalib o‘tildi.

Taʼkidlanganidek, shu kabi islohotlarga qaramay, davlat xaridlari korrupsiyaviy xavf-xatarlar yuqori bo‘lgan hamda eng ko‘p korrupsiya bilan bog‘liq huquqbuzarlik holatlari sodir etilayotgan sohalardan biri bo‘lib qolmoqda. Mutaxassislar bu kabi salbiy holatlarga ochiqlik, raqobat, nazorat va monitoring, meʼyoriy-huquqiy bazaning yetarli yemasligi, tanlov mezonlarining shaffof emasligi va xaridlar jarayonida huquqbuzarliklar uchun yetarli darajada javobgarlikning yo‘qligi kabi omillar sabab bo‘layotganini qayd etdi.

Shundan so‘ng davlat xaridlarida raqobatni cheklovchi omillar va ularning oldini olishga qaratilgan amaliyot, davlat xaridlari sohasida “kelishuvlar” (manfaatdorlik)ga oid masalalar atroflicha muhokama qilindi.

Yaponiyalik ekspertlar ishtirokchilarni davlat xaridlarida korrupsiyaning olidini olish bo‘yicha Yaponiya tajribasi bilan yaqindan tanishtirdi.

Shuningdek, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, Bosh prokuratura, Huquqni muhofaza qilish akademiyasi hamda Oliy sud vakillari tomonidan O‘zbekistonda davlat xaridlari sohasida korrupsiyaviy holatlarga aniq misollar orqali to‘xatalib o‘tildi.

Muhokamalar jarayonida xalqaro standartlar asosida xaridlar sohasida korrupsiyaning salbiy taʼsirini minimallashtirish, davlat moliyasini boshqarishda shaffoflik va javobgarlikka erishish, shu jumladan, byudjetlashtirish, davlat daromadlari va xarajatlari to‘g‘risida hisobot berish, audit va xavf-xatarlarni boshqarish, xaridlar tartib-qoidalarida manfaatlar to‘qnashuvini bartaraf etish, shuningdek, mamlakat iqtisodiyotining ochiqligini taʼminlash masalalari ko‘rib chiqildi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati

Öxşaş materiallar